So‘nggi yillarda yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tibbiyot sohasini rivojlantirish orqali aholi salomatligini mustahkamlash va ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu jihatdan, Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti qoshida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yangi innovatsion klinika tashkil etilishi buning yaqqol isbotidir. Shuning natijasida institutda zamonaviy va innovatsion usullarga asoslangan ta’limni amalga oshirishda muhim qadamlarni tashladi. Xususan, yuqori sifatli tibbiy diagnostika va tibbiy yordam ko‘rsatish, innovatsion Simulyatsiya markazini yaratish orqali bugungi kunda talabalar, klinik ordinatorlar, magistrlar va shifokorlar o‘zlarining amaliy tajribalarini oshirib kelmoqda.

Ushbu markazning faoliyati, uning afzalliklari hamda imkoniyatlarining keng ommaga yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Dastlab institutning o‘quv ishlar bo‘yicha prorektori M.Kurbanazarov amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi rejalar hamda yangidan tashkil etilgan Simulyatsiya markazining ko‘rsatadigan asosiy xizmatlari bilan yaqindan tanishtirdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri tibbiyot sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashdir. Buning uchun oliy ta’lim muassasalarida ta’lim standartlari yaxshilanib, talabalarning amaliy tajribasini oshirishga e’tibor qaratildi. Bu borada yaratilgan imkoniyatlar natijasida institutda bugungi kunda yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalaridan foydalangan holda sifatli ta’lim berish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu yuqori texnologiyali tibbiyot asbob-uskunalari, zamonaviy simulyatorlar va innovatsion trening tizimlari amaliyot jarayonlarini samarali va muvaffaqiyatli olib borish uchun muhim vosita hisoblanadi.

So‘nggi besh yilning o‘zida institutga 10 million AQSH dollaridan ortiq investitsiya mablag‘i jalb qilindi. 2024 yilda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va institut rahbariyati bilan birgalikda amalga oshirilgan 7,3 million dollarlik grant asosida oliy ta’lim muassasasi qoshidagi klinikaga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yordamida tibbiyot xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning samarali tizimini shakllantirish, kadrlar salohiyatini oshirish, klinikada ilg‘or tibbiy ishlarni amalga oshirishga ijobiy usullarni joriy etish kabi mustahkam poydevor yaratildi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari markazdagi zamonaviy tibbiy jihozlarning faoliyati, ularning afzalliklari bilan yaqindan tanishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri