“Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, “Hamroh” xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ko‘magida Nukus shahrida “Orzudan muvaffaqiyatgacha…” II xotin-qizlar forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki moliyaviy ko‘magida faoliyatini boshlagan xotin-qizlarning hunarmandchilik va tadbirkorlik mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.Mahkamova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari R.Saparbayev, “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki Boshqaruv raisi o‘rinbosari Sh.Ibragimova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Ahmedova so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni forumning ochilishi bilan qutladi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada ular uchun yangi imkoniyatlar yaratilib, barcha soha va tarmoqlarda, jamiyatimizda xotin-qizlarning o‘rni ortib bormoqda.

Tadbirni o‘tkazishdan maqsad davlatimiz rahbarining 2024 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2024 yil 8 noyabrdagi “Xotin-qizlarni yanada qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash, mamlakat iqtisodiy hayotida xotin-qizlarning faolligini oshirish, ayollar tadbirkorligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatishdan iboratdir.

Forumda yirik tadbirkorlik loyihalarini yo‘lga qo‘ygan lider tadbirkor ayollar bilan bir qatorda tadbirkorlikka qadam qo‘yish istagida bo‘lgan xotin-qizlar hamda yosh tadbirkorlar ishtirok etdi. Ular xotin-qizlar uchun berilayotgan imkoniyatlar, “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki tomonidan tadbirkorlikni boshlash, yoki uni kengaytirish uchun ajratilayotgan imtiyozli kreditlar haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Ta’kidlash joiz, “Tadbirkor ayollar haftaligi” doirasida “Hamroh” xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki hamkorligida Nukus shahrida tashkil etilgan davra suhbati yakunida xotin-qizlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish yuzasidan bir qator kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatlarini yanada kengaytirish va rivojlantirish, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor Sharofat Noriyeva o‘rtasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlarida maxsus maktablarni,  O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va biznes-trener Shohida Ibragimova o‘rtasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlarida xotin-qizlar uchun moliyaviy savodxonlikni oshirish bo‘yicha treninglarini tashkil etish, buxorolik asalarichi-tadbirkor Nazira Ro‘ziyeva hamda Kegeyli tumanidan asalarichi Mira Nurmanova bilan o‘zaro tajriba almashish borasida kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmalari o‘rtasida gilamchilikni rivojlantirish, qashqadaryolik hunarmand usta Mahliyo Mannonova hamda O‘zbekiston Respublikasi nogironlar jamiyatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi o‘rtasida “Muruvvat” uyi tarbiyalanuvchilari ishlab chiqargan mahsulotlarini sotib olib, eksport qilish, Farg‘ona viloyati Rishton tumanidan usta hunarmand, “Porcelion” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Muhayyo Sattorova va Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti san’atshunoslik fakulteti bilan talabalarga amaliyot maydonini yaratish bo‘yicha ikki tomonlama memorandumlar imzolandi.

Tadbirda tadbirkorlik sohasida muvaffaqiyatlarga erishib kelayotgan xotin-qizlar so‘zga chiqib, o‘zlarining tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri