Qonunchilikda lizingga olingan mulk to‘lovlari to‘liq to‘lab berilmagunga qadar lizingga beruvchi shaxsning mulki bo‘lib hisoblanadi. Agar lizinga oluvchi shaxs to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirib bormasa, bergan tashkilot mulkni qaytarib olishi va boshqa xaridorga sotishi mumkin.

Majburiy ijro byurosi Chimboy tuman bo‘limi ish yurituvida mavjud bo‘lgan, Chimboy tumanlararo iqtisodiy sudining ajrimiga asosan “CHINA GROUP” mas’uliyati cheklangan jamiyatdan lizingga olingan javobgar “SHIMBAY EXSPOKLASTER” mas’uliyati cheklangan jamiyatga tegishli “HOWO” rusumli refrijerator avtomashinasini xatlovga olib qo‘yish belgilangan. Sud ajrimi ijrosini ta’minlash maqsadida, javobgar tashkilot joylashgan manzilga borilganida, xatlanishi lozim bo‘lgan avtomashina ushbu manzilda yo‘qligi aniqlangan.

Majburiy ijro byurosi Chimboy tuman bo‘limi olib borilgan ijro harakatlari davomida qidiruvdagi avtomashina Nukus shahrida yashirib qo‘yilganligi aniqlanib, tegishli tartibda xatlovga olindi va saqlash uchun lizing tashkiloti vakiliga topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri