Yurtimizda sport turlari bo‘yicha kuchlilarni teng raqobatda aniqlash, eng mahoratlilarni milliy terma jamoalarga jalb etish hech qachon oson kechmagan.

Ayniqsa, boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasini shakllantirish murabbiylardan, mutaxassislardan katta zahmatni talab etadi. Bunda o‘tkazilayotgan ichki musobaqalar, saralash turnirlari va nihoyat, mamlakat chempionati yuqori nuqta sanaladi.

O‘tgan yili boks bo‘yicha xalqaro musobaqalarning ko‘pligi ayniqsa, “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari, Osiyo va jahon chempionatlarining ketma-ket kelishi natijasida 2024 yilgi O‘zbekiston chempionati joriy yilning yanvar oyida tashkil etilmoqda.

Aytish lozim, joriy yilning 21 yanvaridan poytaxtimizdagi Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining boks zalida boshlangan O‘zbekiston chempionatining ortda qolgan saralash janglarining har biri ishtirokchi sportchilar uchun final darajasida o‘tdi.

Kecha poytaxtimizdagi “Zoʻr TV” telekanalining “Renessans Hall” majmuasida o‘tgan chempionatning yarim final bahslari qaysidir ma’noda “kichik jahon chempionati” ko‘rinishini oldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bugun, 28 yanvar kuni chempionatning final janglari o‘tkaziladi. Bokschi qizlar va yigitlar o‘rtasida 12 tadan vazn toifasida O‘zbekiston chempionlari aniqlanadi.

Bokschi qizlar ro‘yxatiga e’tibor qaratsak, final janglarida Farzona Fozilov – Robiya Baxtiyorova 48 kilogrammda, Sabina Boboqulova – Gulsevar G‘aniyeva 50 kilogrammda, Feruza Kazakova – Zilola Yusupova, 52 kilogrammda, Aziza Yoqubova – Muxlisa Xushvaqtova 54 kilogrammda, Nigina O‘ktamova – Xumorabonu Mamajonova 57 kiloda, Sitora Turdibekova – Rashida Tagirova 60 kiloda, Dilfuza Bekova – Odinaxon Ismoilova 63 kiloda, Navbahor Hamidova – Aysanem Sarvarova 66 kiloda, Oysha Toirova – Mavluda Mavlonova 70 kiloda, Aziza Zokirova – Aziza Usmonova 75 kiloda, Sohiba Ro‘zmetova – Mashhura Soliboyeva 81 kiloda, Oltinoy Sotimboyeva – Diyoraxon Abdumannobova +81 kilogrammda ro‘baro‘ keladi.

Bokschi yigitlar o‘rtasida kecha o‘tkazilgan yarim final janglarida g‘oliblikni tantana qilgan mahoratli charm qo‘lqop ustalari to‘qnash keladi:

-48 kg: Shodiyorjon Meliqo‘ziyev – Behruz Xoldorov,

-51 kg: Asilbek Jalilov – Muhammadqodir Mamirjonov,.

-54 kg: Shaxzod Muzaffarov  – Faryozbek Do‘smatov,

-57 kg: Mirazizbek Mirzaxalilov – Xo‘janazar Nortojiyev,

-60 kg: Madiyor Doniyorov – Shohrux Abdumalikov,

-63,5 kg: Ruslan Abdullayev – Adhamjon Muhiddinov,

-67 kg: Mujibillo Tursunov – Shavkatjon Boltayev,

-71 kg: Havasbek Asadullayev – Iqboljon Xoldorov,

-75 kg: Javohir Ummataliyev – A’loxon Abdullayev,

-80 kg: Fazliddin Erkinboyev – Nurislom Ismoilov,

-86 kg: Nusratbek Tohirov – Akmaljon Isroilov,

-92 kg: To‘rabek Habibullayev – Madiyor Saidrahimov,

+92 kg: Jahongir Zokirov – Arman Maxanov.

Ko‘rinib turganidek, final jangining har bir uchrashuvi qizg‘in kechishi tayin.

“Parij-2024” Olimpiadasi qahramoni Sitora Turdibekova, 2017 yilgi jahon chempionati sovrindori Iqboljon Xoldorov, nomdor charm qo‘lqop vakillari Mirazizbek Mirzaxalilov, Ruslan Abdullayev, Mujibillo Tursunov, Madiyor Saidrahimov, To‘rabek Habibullayevlar qatorida umidli yoshlarning chempionlikka da’vogarlik qilayotgani o‘zbek boksida yuksalish onlari boshlanayotganini anglatayotgandek, go‘yo.

Aynan bugun ringda o‘z qudratini, mahoratini, shiddatini namoyish etadigan bokschilarimiz kelgusi jahon chempionatlarida, Olimpiya o‘yinlarida yangilanayotgan O‘zbekiston sportining yangi g‘alabalarini ta’minlasa, ajabmas.

T.Ro‘ziyev, O‘zA