Futbol: Top-5 chempionatlarida navbatdagi tur yakunlandi

Futbol olamining eng qiziqarli musobaqalaridan biri bo‘lgan Yevropaning Angliya, Ispaniya, Italiya, Fransiya va Germaniya chempionatlarida navbatdagi tur uchrashuvlar yakunlandi.
Top-5 chempionatlari ichida o‘zbek futbol muxlislari uchun ahamiyatli bo‘lgan birinchiliklar bor. Ayniqsa, Abduqodir Husanovning “Manchester Siti” klubiga o‘tishi Angliya Premer ligasi va ushbu jamoaga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.

O‘tgan hafta yakunida APLning 23-turidan o‘rin olgan “Liverpul” va “Ipsvich” bahsida 4:1 hisobi qayd etildi. O‘yinda Gakpo dubl muallifiga aylangan bo‘lsa, Saloh hamda Soboslai bir martadan raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Grizv esa “Ipsvich”ning yagona golini kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Bu g‘alabadan so‘ng “Liverpul” ochkolarini 53 taga yetkazdi va jadvalning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

“Arsenal” bu turda safarda “Vulverxempton”ni 1:0 hisobida taslim qildi. O‘yindagi yagona gol Kalafori tomonidan kiritildi. Shu tariqa, London jamoasi ligada 47 ochko jamg‘arib, jadvaldagi ikkinchi o‘rnini yanada mustahkamladi. Shuningdek, “Bornmut” o‘z maydonida musobaqa peshqadamlaridan biri bo‘lgan “Nottingem Forest” ustidan 5:0 hisobida g‘alabani qo‘lga kiritdi. “Nottingem Forest” mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, 44 ochko bilan uchinchi o‘rinda qoldi.
Mazkur turda “Manchester Siti” “Chelsi”ni 3:1 hisobida yengdi va ochkolari sonini 41 taga yetkazgan holda 4-pog‘onaga ko‘tarilib oldi. “Chelsi” esa 40 ochko bilan 6-o‘ringa tushib ketdi.
Biz uchun ahamiyatlisi, ushbu uchrashuvda O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Abduqodir Husanov “Manchester Siti”dagi debyut o‘yinini o‘tkazdi. U uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi va 53 daqiqa harakat qildi. O‘yin davomida sariq kartochka olishga ham ulgurdi. Albatta, Abduqodir Husanov mazkur o‘yinda ayrim xatolarga yo‘l qo‘ydi, biroq uchrashuvni yomon o‘tkazmadi.
Italiya “A” seriyasining 22-turida “Roma” klubi safarda g‘alaba qozondi. Gap shundaki, mazkur turda Klaudio Raneri shogirdlari “Udineze” mehmoni bo‘lib, 2:1 hisobida irodali g‘alabaga erishdi.
Uchrashuvda hamyurtimiz Eldor Shomurodov ikkinchi bo‘limda maydonga tushdi. Aynan futbolchimizning ajoyib uzatmasidan keyin Stefan El-Sharavi raqib jarima maydonchasi ichida qulay vaziyatga chiqdi. Biroq raqiblar uni o‘yin qoidasini buzib to‘xtatdi. Eldor Shomurodov yordamida vujudga kelgan ushbu vaziyat o‘yinning kulminatsion nuqtasi bo‘ldi. Futbolchimizning o‘yindagi harakati mutaxassislar tomonidan 7 ballga baholandi.

Italiya “A” seriyasi karvonboshisi “Napoli” bu turda “Yuventus”ni 2:1 hisobida yengdi va ochkolarini 53 taga yetkazib oldi. Ikkinchi o‘rinda 50 ochko bilan borayotgan “Inter” safarda “Lechche”ni 4:0 hisobida taslim qildi. “Komo” mehmoni bo‘lgan “Atalanta” 1:2 hisobidagi muvaffaqiyatdan so‘ng 46 ochko bilan uchinchi pog‘onaga joylashdi.
Ispaniya La Ligasining 21-turidan o‘rin olgan “Real Madrid” – “Valyadolid” bahsida “qirollik klubi” 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. “Atletiko Madrid” esa o‘z uyida 1:1 hisobida “Vilyarreal” bilan durang o‘ynadi. “Barselona” va “Valensiya” uchrashuvi 7:1 hisobida o‘z yakuniga yetdi. Shu tariqa, musobaqada “Real Madrid” 49 ochko bilan barcha raqiblarini orta qoldirayotgan bo‘lsa, “Atletiko Madrid” 45, “Barselona” 42 ochko bilan kuchli uchlikdan joy oldi.

Fransiya chempionatining 19-turiga kelib “PSJ” ochko yo‘qotdi. Parij shahri klubi ushbu turda “Reyms”ga qarshi o‘yinda 1:1 hisobidagi durangga imzo chekdi. Ayni vaqtda parijliklar Fransiya chempionati turnir jadvalida 47 ochko bilan peshqadam bo‘lib turibdi.
“Marsel” safarda kutilmaganda “Nitssa”ga 2:0 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi va 37 ochko bilan ikkinchi o‘rinda qoldi. “Monako” esa o‘z uyida 3:2 hisobida “Renn”ni yengdi va 34 ochko bilan kuchli uchlikni yakunlab berdi.

Bundesliga grandlaridan biri “Bavariya” safarda “Frayburg”ni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. “RB Leypsig” esa “Bayer” bilan 2:2 hisobida durang o‘ynagan bo‘lsa, “Xoffenxaym” va “Ayntraxt” uchrashuvi ham shu hisobda yakunlandi. “Bavariya” 19-tur yakunlariga ko‘ra, 48 ochko to‘pladi va eng yaqin ta’qibchisi “Bayer”dan 6, “Ayntraxt”dan 11 ochko oldinga o‘tib ketdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA