SHHT Bosh kotibi kuzatuvchi maqomi ko‘rib chiqilayotgan mamlakatlarga izoh berdi

SHHTda kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha hamkor maqomiga da’vogar sifatida Osiyo va hatto Afrikaning turli mintaqalaridagi bir necha davlat ko‘rib chiqilyapti, dedi Tashkilot bosh kotibi Nurlan Yermekbayev “RIA Novosti”ga bergan intervyusida.
– SHHT, garchi, Yevrosiyo tashkiloti bo‘lsa-da, hamkor va kuzatuvchi maqomiga da’vogar davlatlar Janubiy, Janubi-sharqiy va G‘arbiy Osiyoda, ba’zilari, hatto, Afrika qit’asida joylashgan, – dedi u tuzilmaga tegishli ariza bilan murojaat qilgan mamlakatlar ro‘yxatiga oydinlik kiritarkan.
Uning eslatishicha, bugungi kunda navbatdagi maqomga ega bo‘lish uchun berilgan 8 tagacha ariza ko‘rib chiqilmoqda.
– Aslida, gap bunda ham emas, chunki kim qaysi maqomdaligidan qat’i nazar, sheriklar bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish istagidamiz, – deya qo‘shimcha qildi Yermekbayev.
Shuningdek, Bosh kotib a’zo mamlakatlar doirasida vizasiz sayohat qilish masalasiga ham oydinlik kiritdi:
– SHHT maydonida viza rejimini yumshatish tashkilot kun tartibidan o‘rin olgan. Binobarin, barcha a’zo davlatlarga vizasiz kirib-chiqish masalasi hali pishib yetilmagan. Mavzu tegishli idoralar – birinchi navbatda turizm ma’muriyatlari, ichki ishlar vazirliklari, migratsiya xizmatlari nazoratida. Butun mintaqa bo‘ylab erkin harakatlanish masalasi hali muhokama qilinmadi. Shunga qaramay, viza tartibini liberallashtirish faoliyatimiz rejasida belgilangan vazifalardan biri.
Ta’kidlanishicha, bunday masalalar, jumladan, ikki tomonlama asosda ham hal etilmoqda. Ko‘pgina davlatlar allaqachon o‘zaro vizasiz sayohat qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
S.Rahimov, O‘zA