Lukashenko: Asosiy vazifamiz – mamlakat parchalanib ketishining oldini olish

193

Kecha Belarusda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Respublika Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur yirik siyosiy tadbirda ovoz beruvchilarning 85,70 foizi ishtirok etgan. Davlat rahbarligiga da’vogar sifatida besh nomzod kurash olib bordi.

Yakunda raqiblaridan sezilarli ustunlikka erishgan amaldagi yetakchi Aleksandr Lukashenko yangi muddatdagi vazifalarga to‘xtalarkan, mamlakat parchalanishiga yo‘l qo‘ymaslik, vatanni kelajak avlodlar uchun saqlab qolish va davlat taraqqiyotida uzluksizlikni ta’minlashga asosiy e’tibor qaratilishini ta’kidladi.

– Mamlakatni farzandlarimiz, nevaralarimizga kuchli, barqaror va mustaqil davlat sifatida yetkazishimiz kerak, – dedi u.

Ta’kidlanishicha, besh yillik davr oxiriga kelib, aholining yarmidan ko‘pi yangi avlod – suveren mamlakatda tug‘ilgan belaruslar bo‘ladi:

– Tez orada mamlakatni boshqaradigan yoshlarga mustaqil, gullab-yashnagan, tinch Belarusni topshirishimiz lozim. Buning uchun ko‘p harakat qilindi, lekin oldinda hali ish yetarli.