Janubiy Koreya Prezidentiga rasman ayb qo‘yildi

196

Janubiy Koreya prokuraturasi Prezident Yun Sok Yolga qarshi rasman ayblov e’lon qildi. Bu haqda “Yonhap” agentligi xabar berdi. Mamlakat yetakchisi davlat tuzumiga qarshi isyon ko‘targanlikda shubhalanmoqda. Taxminga ko‘ra, u qonunchilar harbiy holat e’lon qilinishiga qarshi ovoz berishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun parlamentga qo‘shin yuborgan bo‘lishi mumkin.

Yun Sok Yol Koreya Respublikasining hibsga olingan birinchi prezidentidir. Bu voqea Milliy assambleya 2024 yil 14 dekabrda Prezidentning iste’fosini talab qilgandan keyin sodir bo‘ldi. Parlament uning buyrug‘ini konstitutsiyaga zid qaror sifatida baholadi.

Yun Sok Yol harbiy holat joriy etilishi muxolifatdagi Demokratik partiya tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan suiste’mol holatlaridan ogohlantirishga qaratilgan “ma’muriy qadam”ligini aytib, o‘zini oqlamoqda.

– Bu noqonuniy tergov bo‘lsa-da, qon to‘kilishiga olib keladigan sharmandalikning oldini olish uchun Markaziy razvedka boshqarmasi huzuriga keldim, – degan u ushlangandan keyin.

Prezident o‘z qarorgohida tergovchilar va sobiq davlat rahbari jamoasi o‘rtasida uzoq davom etgan muzokaradan so‘ng qo‘lga olingan.

2024 yil 31 dekabr kuni Janubiy Koreya G‘arbiy okrug sudi “isyon” va “hokimiyatni suiste’mol qilish”da ayblab, Yun Sok Yolni hibsga olish bo‘yicha qaror chiqardi. 2025 yil 3 yanvarda rejani amalga oshirishga urinish chog‘i politsiya va Prezident xavfsizlik xizmati xodimlari o‘rtasida to‘qnashuv yuzaga kelgan va buyruq ijrosi kechiktirilgan.

Ma’lumki, Yun Sok Yol 3 dekabr kuni muxolifatning “davlatga qarshi faoliyat”ga aloqadorligini ro‘kach qilib, harbiy holat joriy etdi. So‘ngra Mudofaa vazirligi qo‘mondonlarga yig‘ilish o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berib, harbiylarni shay holatga keltirishga chaqirdi. Vazifa yuklatilgan askarlar Milliy assambleya (Parlament) binosiga kirishdi.

Favqulodda yig‘ilishda harbiy holatni bekor qilish taklifini 190 deputat qo‘llab-quvvatladi. Rasmiylar aytishicha, ovoz berish natijasiga ko‘ra, harbiy holat “o‘z kuchini yo‘qotgan”. Shundan keyin Prezident fikrini o‘zgartirdi, Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishini chaqirdi va hukumatning roziligini olgach, harbiy holatni rasman bekor qildi.

Keyinroq “davlatga xiyonat” ishi bo‘yicha tergov olib borilayotgani uchun Prezidentga mamlakatdan chiqish taqiqlandi. Yun Sok Yol Konstitutsiyaviy sud tomonidan masala ko‘rib chiqilgunga qadar lavozimidan chetlatildi. 27 dekabr kuni prezident vazifasini bajaruvchi Xan Duk Su ham vakolatidan ayrildi. Ayni qaror Milliy assambleyada ovoz berish natijasi asosida chiqarildi. Hozircha prezidentlik vakolati Bosh vazir o‘rinbosari, rejalashtirish va moliya vaziri Chxve San Mokka berilgan.

G.Sattorova,
O‘zA