Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda

199

Shu kunlarda Bosh prokuror o‘rinbosari S.Samadov tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida qurilishga oid davlat dasturlari, byudjet xarajatlarini optimallashtirish va boshqa dolzarb topshiriqlar ijrosi o‘rganilmoqda.

Xususan, davlatimiz rahbarining 2024 yil 24 dekabrdagi “2025 – 2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan joriy yilga o‘tkazilgan ob’ektlar ko‘zdan kechirilib, ishchi kuchi va maxsus texnikalar sonini ko‘paytirish orqali qurilish ishlarini jadallashtirish, energiya tejamkor qurilish materiallaridan foydalanish, ishlarni o‘z muddatida va sifatli yakunlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Bundan tashqari, hududdagi joriy yildagi Investitsiya dasturi ob’ektlarining loyiha hujjatlari ishlab chiqilishi qurilish inspeksiyasi, ekspluatatsiya va ekspertiza idoralari, buyurtmachi va loyihachi tashkilotlar mas’ullari ishtirokida muhokama qilindi. Loyiha hujjatlari ishlab chiqilishida ortiqcha ish hajmlarini kiritmaslik, energiya tejamkor uskunalardan foydalanish, loyihalarni shaharsozlik normalari qoidalari talablari asosida hudud ahvolidan kelib chiqqan holda ishlab chiqish  bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

***  

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Ellikqal’a tuman bo‘linmasi tomonidan “Qoshqo‘ra” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 25-sonli umumta’lim maktabida “Kambag‘allikdan farovon hayot sari” shiori ostida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Ellikqal’a tuman bo‘linmasi rahbari A.Matniyazova kambag‘allikni qisqartirish ishlarini yangi sifat bosqichiga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishda ilgari surilgan vazifalarga to‘xtaldi. Jumladan, davlatimiz rahbarining har bir kambag‘al oilada, ayniqsa, xotin-qizlar orasidan kamida bitta oliy ma’lumotli shaxs bo‘lishi kerakligi haqidagi ezgu g‘oyalariga asoslanib, oilalarda kambag‘allikning yuzaga kelish sabablari, uni qisqartirish va aholi daromad manbalarini shakllantirish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirdi.

Bunday uchrashuvlar mahallada ijtimoiy birlik va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi.

***  

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda yer maydonini olib berishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi.

Fuqaro S.P. fuqaro A.K.ning ishonchiga kirib, qalbaki hujjatlar asosida rasmiylashtirilgan Nukus shahri hududidagi 3,6 sotix yer uchastkasini 170 million so‘mga sotishga kelishib, ushbu pullarni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri