Respublika ishchi guruhi Qoraqalpog‘istonda

201

Oliy ta’lim tashkilotlarini 2025 yilda rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini hamda faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish yuzasidan tuzilgan respublika ishchi guruhi Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalarida o‘rganish ishlarini boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, ishchi guruhi rahbari Qo‘ng‘irotboy Sharipov Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida hududdagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda vazir oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini takomillashtirish, raqamlashtirish va ta’lim sifatini oshirish, ilmiy-tadqiqotlarning natijadorligini oshirish, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, talaba yoshlarda tarbiyaviy ishlar tizimini takomillashtirish va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalalariga to‘xtaldi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda barcha hududlarda o‘rganish ishlarini olib borayotgan ishchi guruh a’zolariga tegishli topshiriqlar berildi.

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi hamda Yoshlar akademiyasi tomonidan yoshlarning ilmiy-innovatsion g‘oyalari va startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan “Bo‘lajak olim” ilmiy g‘oyalar tanlovida g‘olib deb topilgan qoraqalpog‘istonlik yoshlarni taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ishtirok etib, tanlov g‘oliblarini qutladi hamda sertifikat va ilmiy loyihalarni amalga oshirish uchun ajratilgan pul mablag‘larini topshirdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri