O‘FA rahbariyati futbol bo‘yicha Yoshlar terma jamoamiz bilan uchrashdi

Joriy yilning 12 fevral kunidan 1 mart kuniga qadar Xitoyda U20 yosh toifasida futbol bo‘yicha Osiyo kubogi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur musobaqada Farhod Nishonov boshqaruvidagi O‘zbekiston U20 terma jamoasi ham qatnashadi. Jamoamiz kubok bahslarida “S” guruhidan joy olgan bo‘lib, Indoneziya, Yaman va Eron termalariga qarshi maydonga tushadi.
O‘FA rahbariyati yoshlar terma jamoamiz bilan uchrashdi. Unda O‘FA birinchi vitse-prezidenti, ayni damda assotsiatsiya raisi vazifasini bajaruvchi Ravshan Ermatov futbolchilarimiz oldida turgan mazkur musobaqa haqida fikr bildirilib, O‘zbekiston turnirning amaldagi g‘olibi ekani, terma jamoa bu gal ham musobaqada munosib ishtirok etgan holda Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishi zarurligini ta’kidladi.

Bu borada assotsiatsiya tomonidan barcha sharoitlar tashkil etib berilgani aytildi. Bir jamoa bo‘lib, ahillikda yuqori natija qayd etishlariga ishonch bildirildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida jamoamizning bir qator yetakchi futbolchilari ham fikrlarini bildirib o‘tdi. Murabbiylar shtabi bilan jamoaning ayni paytdagi holati va tayyorgarlik jarayoni haqida suhbatlashildi. Tibbiy shtabga futbolchilarning sog‘lig‘i, tiklanishi va vitaminizatsiyalash jarayoni, shuningdek, futbolchilarga yuqori darajadagi tibbiy yordam ko‘rsatish amaliyotini davom ettirish ko‘rsatmasi berildi.

Ma’lumot o‘rnida: Yoshlar terma jamoamiz 27 yanvar kuni musobaqa oldidan so‘nggi yig‘inni o‘tkazish uchun Xitoyga jo‘nab ketadi.
Shu munosabat bilan 27 yanvar kuni Farhod Nishonov va futbolchilar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA