Ukraina va Moldova yetakchilari energetika hamda mintaqaviy xavfsizlik masalasini muhokama qildi

Moldova Prezidenti Mayya Sandu Kiyev shahrida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi, deb xabar berdi “Deutsche Welle” nashri.
Ukraina yetakchisi devoni e’lon qilgan qo‘shma bayonotda ikki davlat rahbarlari Rossiya tomonidan Pridnestrove hududiga gaz yetkazib berish to‘xtatilganini qoralagan.
— Tomonlar Pridnestrove mintaqasi aholisining energiyaga ehtiyojini qondirish, inqiroz yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik va asosiy xizmatlarni tiklash bo‘yicha shoshilinch, aniq yechimlar taqdim etish majburiyatini tasdiqladilar, — deyilgan hujjatda.
“moldovainform.md” xabar berishicha, muloqot chog‘ida 2024 yil oktyabr-noyabr oylarida o‘tgan prezidentlik saylovi va mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha referendum asnosida “Rossiyaning Moldovaga qarshi misli ko‘rilmagan qo‘poruvchilik va gibrid hujumi” qoralangan.
— Bu mintaqa va butun Yevropa barqarorligiga putur yetkazish maqsadida demokratik jarayonga tizimli ravishda aralashish hisoblanadi, — deya xulosa qilgan suhbatdoshlar.
Zelenskiy va Sandu Rossiyaga murojaat qilib, Ukrainadagi “vaqtincha ishg‘ol qilingan hududlar hamda Pridnestrove”dan qo‘shinini olib chiqishni talab qilgan.