Migrantlarni quvayotgan Tramp va HAMASning isroilliklarni ozod qilishi

Tramp qaytdi
Dunyo siyosat maydoni keyingi 4 yilda zerikarli va sokin bo‘lmasligiga kafolat bor chunki o‘tayotgan hafta Tramp Amerika Qo‘shma Shtatlarining 47-prezidenti sifatida qasamyod qildi va Oq uyda ish boshladi. U minbarda nutq irod qilar ekan, Amerikaning oltin davri boshlanayotganini ta’kidladi. Marosimda mamlakatning sobiq prezidentlari kichik Bush, Bill Klinton, Barak Obama va hokimiyatni topshirgan Bayden ishtirok etdi. Shuningdek, Trampning milliarderlardan tashkil topgan tadbirkor do‘stlari ham ko‘rinish berdi.
AQSH prezidenti Donald Tramp inauguratsiya marosimida so‘zlagan nutqida tashqi siyosatdagi asosiy ustuvorlik Amerikani himoya qilish ekaniga urg‘u berdi. Yangi prezident imzolagan ilk farmonlarda ham mamlakat xavfsizligi va barqarorligini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgan.
Davlat yetakchisining birinchi imzolagan farmonlaridan biri amerikalik tadbirkor Ilon Mask boshchiligida AQSH hukumati samaradorlik departamentini yaratish to‘g‘risidagi hujjat bo‘ldi.
Oq uy rahbari «Meksika ko‘rfazi»ning nomini «Amerika ko‘rfazi»ga o‘zgartirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, mamlakat ichki ishlar vaziri 30 kun ichida Meksika ko‘rfazining nomini Amerika ko‘rfaziga o‘zgartirish uchun barcha «zaruriy harakatlar»ni amalga oshirishi kerak.
Yangi prezident Amerikada tug‘ilgan migrantlarning farzandlariga tug‘ma fuqarolik berishni cheklovchi farmonni imzoladi. Keyinchalik bu farmon bloklab qo‘yildi.
Qo‘shma Shtatlar yetakchisi Tramp sobiq davlat rahbari Jo Bayden ma’muriyatining avvalgi amaldorlarini noqonuniy ravishda ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlikka tortish haqidagi farmonni imzoladi.
AQSH prezidenti Donald Tramp Vashingtonni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tarkibidan chiqarish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Oq uydagi jonli efir payti 1 fevraldan boshlab Meksika va Kanadaga 25 foizlik bojlar joriy etilishi aytildi.
AQSH prezidenti noqonuniy muhojirlar oqimini to‘xtatish maqsadida mamlakat janubiy chegarasida favqulodda holat e’lon qildi, deb xabar tarqatgan Oq uy telekanali. Shuningdek, u yerdagi 2,5 ming nafar askarga 1,5 ming kishi borib qo‘shiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu raqamlar 10 mingtagacha oshishi mumkin.
Shuningdek, Tramp narkotik kartellariga terrorchi tashkilot maqomini berish haqidagi farmonni imzoladi.
– Odamlar buni yillar davomida kutishgan. Shunday qilib, endi narkokartellar terrorchi tashkilotlar sifatida belgilandi, — dedi u hujjatni imzolar ekan.
Telekanalda aytilishicha, Tramp 2021 yil yanvar oyida Kapitoliyga bostirib kirishda ayblangan 1500 ga yaqin odamni afv etish haqidagi farmonni imzolagan. U so‘z erkinligini tiklash va hukumat senzurasining oldini olish bo‘yicha farmoyishni imzoladi.
Qiziq jihati, Tramp Jo Bayden davrida qabul qilingan 78 ta qarorni bekor qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda yangi davlat rahbarining inauguratsiyadan keyin Vashingtondagi mitingida ma’lum qilingan.
Yangi ma’muriyat AQSHni iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqardi. Bundan tashqari, Tramp prezidentlik chog‘ida yana bir qancha masalalarga ustuvorlik berishini ham eslatib o‘tdi. Birinchi navbatda u dunyodagi eng kuchli armiyani qurishga va’da berib, «Biz dunyo hali ko‘rmagan eng qudratli armiyani quramiz», dedi.
O‘zining inauguratsiya marosimidagi nutqida ulkan kosmik dasturni amalga oshirish, jumladan, amerikalik astronavtlarni Marsga jo‘natish niyatida ekanligini ma’lum qilgan.
Qolaversa, Panama kanali ustidan nazoratni qayta tiklash niyatida ekanini ma’lum qilgan.
– Ayni paytda Xitoy Panama kanalini nazorat qilmoqda. Biz uni Xitoyga emas, Panamaga bergandik, endi esa uni qaytarib olamiz, -degan u.
Xitoy tashqi ishlar vazirligi buning asossiz ekanligini aytib, rad etdi.
Bundan tashqari Grenlandiyaga davosini qayta eslatib, mamlakatning xavfsizligi uchun ushbu hududning muhimligini ta’kidlagan.
Putin, Si Szinpin va Tramp bog‘liqligi XXR yetakchisi Si Szinpin va RF prezidenti Vladimir Putin Donald Tramp qasamyod qilganidan bir necha soat o‘tib, videoqo‘ng‘iroq orqali gaplashdi.
Szinpinga «aziz do‘stim» deya murojaat qilgan Putin Rossiya va Xitoy tashqi bosimlarga qaramay, do‘stlik, o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlash asosida aloqalarni davom ettirayotganini qayd etdi.
O‘z navbatida, Si Szinpin ham «strategik muvofiqlashtirishni chuqurlashtirish, o‘zaro yordamni kuchaytirish va qonuniy manfaatlarni himoya qilishni davom ettirishga» chaqirdi.
Ayni paytda Tramp Pekinga tariflar qo‘yish bilan tahdid qilib, XXR rasmiy hukumatini «buzg‘unchi» deb atadi va agar Moskva Ukrainadagi ziddiyatni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishmasa, «katta muammo» kelishidan ogohlantirdi.
Shu kunlarda Donald Tramp Ukraina masalasida Putin bilan muzokara o‘tkazish taklifini ilgari surmoqda. Agar Putin ushbu taklifni rad qilsa Tramp Rossiyaga iqtisodiy bosimni kuchaytirish bilan tahdid qilmoqda, deb yozadi «The Wall Street Journal» nashri.
Xabarga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Trampning bu tahdidini quruq gapdan boshqa narsa emas, deb hisoblaydi. «Urush mamlakat resurslari va ishchi kuchini quritgan bo‘lsada, Kreml sanksiyalarni muvaffaqiyatli yengib chiqdi va Moskva kamida yana bir yillik mojaroga bardosh bera oladi», — deydi Rossiya prezidenti.
Ma’lum qilinishicha, Rossiyadagi iqtisodiy ahvol urush tufayli pastlab borayotgan bo‘lsa ham, frontda ustunlikni egallash, urushni davom ettirish uchun ham iqtisodiy, ham siyosiy resurslar yetarliligicha qolmoqda.
Trampning bu tahdidlari Rossiyaning siyosiy yurishini to‘xtatish uchun kamlik qiladi. «Bosib olingan hududlarni amalda Rossiyaniki deb tan olinishi, NATOning Ukraina bilan aloqalarini to‘xtatish va Ukraina armiyasi sonini sezilarli darajada qisqartirish kabi takliflar Rossiya tomonining urush bo‘yicha muzokara o‘tkazishiga sabab bo‘lishi mumkin»,—deyiladi xabarda.
Turli manbalarga ko‘ra, Putin Tramp bilan Moskva talablarini muhokama qilish uchun uchrashuv o‘tkazmoqchi, ammo bu uchrashuv Ukraina tomoni ishtirokisiz bo‘lib o‘tishi talab qilingan.
Tramp maxsus vakiliga 100 kun ichida Ukraina masalasini yopish bo‘yicha topshiriq bergan. «Bloomberg» ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyor va kelajakda tinchlikparvar kuchlar joylashtirilishini ham inkor etmagan, biroq asosiy ma’suliyatni Yevropa o‘z zimmasiga olishi kerak.
HAMAS garovga olinganlarning ikkinchi guruhini ozod qilish sanasini ma’lum qildi
Falastinning HAMAS harakati isroillik garovga olinganlarning ikkinchi guruhi 25 yanvar kuni ozod etilishini ma’lum qilgan. BU haqda «Reuters» axborot agentligi xabar bergan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Isroil va HAMAS harakati Qatar, Misr va Qo‘shma Shtatlar vositachiligida 19 yanvardan boshlab 42 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish tartibiga kelishib oldilar va harbiy harakatlarni yakuniy to‘xtatish istagini bildirdilar.
Kelishuvning birinchi bosqichida 33 nafar isroillik garovga olinganlar evaziga 1000 ga yaqin falastinlik asirlar ozod etilishi ko‘zda tutilgan.
O‘tgan hafta 3 nafar isroillikning ozod etilishiga javoban Isroil qamoqxonasidan ozod qilingan 90 nafar falastinlik ayollar va bolalar G‘arbiy Sohildagi Beytuniya shahriga olib borilgan. Isroil ushbu mahbuslarni turli jinoyatlar, jumladan, qotillikka urinishda ayblab hibsda saqlab kelgan.
Sulhning 16-kunida Isroil va HAMAS kelishuvning ikkinchi bosqichi bo‘yicha muzokaralarni boshlash majburiyatini olgan, bu esa qolgan garovga olinganlarni ozod qilish, doimiy o‘t ochishni to‘xtatish va Isroilning G‘azo sektoridan to‘liq chiqib ketishini o‘z ichiga oladi. Shunday bo‘lsada o‘tgan hafta davomida G‘arbiy Sohilda Isroil kuchlarining operatsiyasi davom etib, 10 nafardan ortiq kishi vafot etgan.
Sardorbek Poyonov, Abror Sodiqov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA.