Senat va mahalliy kengashlar – islohotlarning faol ishtirokchisi
Senat yalpi majlisida aholi bilan bevosita muloqot qilish, ularni tashvishga solayotgan masalalarning ijobiy hal etilishiga ko‘maklashish – hududlarni rivojlantirish borasidagi ishlarning muhim tarkibiy qismi ekani qayd etildi.
Senatorlar joylarda bo‘lib, ushbu yo‘nalishda faol ish olib bormoqda. Xususan, qo‘mita raisi Qutbiddin Burxonov o‘zlari saylangan Andijon viloyati Izboskan tumanidagi Gudur va Toshloq mahallalari aholisi bilan uchrashib, ularni suyultirilgan gaz bilan ta’minlashdagi kechikishlar bartaraf etilishida faollik ko‘rsatgan. Shu paytga qadar tumanda atigi 7 mashinada gaz ballonlari tarqatilgan bo‘lsa, (bu esa kechikishlarga sabab bo‘lgan) senatorning sa’y-harakatlari bilan mashinalar soni 2 baravarga oshirilib, gaz ta’minotidagi kechikishlar bartaraf etilgan.
Shuningdek, ushbu mahallalardan o‘tuvchi yo‘lning 6 km qismini ta’mirlash hamda elektr ustunlarini tartibli joylashtirish bilan bog‘liq masalalarga ham senatorning talabchanligi bilan ijobiy yechim topildi.

Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmuratovning Surxondaryo viloyatidagi avtomaktablar faoliyatidagi muammolar yuzasidan Ichki ishlar vazirligiga yuborgan so‘rovi bo‘yicha ham amaliy ishlar qilingan. Ushbu so‘rov Ichki ishlar vazirligi tomonidan chuqur o‘rganilib, 3 ta avtomaktabga litsenziya berildi.
– Bu kabi muammolar boshqa senatorlarimizning ham doimiy diqqat-markazida bo‘lishi va o‘z vakolatlaridan samarali foydalangan holda ularni hal etish choralarini ko‘rib borishlari lozim, – dedi Senat Raisi Tanzila Norboyeva. – Bir jihatga alohida e’tibor qilishingizni istardim: biz qaysi yo‘nalishda ish olib bormaylik yoki qanday natijaga erishmaylik, hammasi hududlarda amalga oshiriladi va o‘z-o‘zidan hududlar manfaatlariga xizmat qiladi. O‘z navbatida, hududlar bilan uzviy va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ymay turib yoki hududlarning o‘zida mas’uliyat, faollik bo‘lmasa, kutilgan natijaga erisha olmaymiz. Senatning yarim yillik ish rejasi barcha hududlarga yetkaziladi. Chunki, unda belgilangan deyarli barcha vazifalarni birgalikda amalga oshiramiz. Senat va mahalliy kengashlar bir-birini to‘ldirishi, yondashuvlarimiz bir xil bo‘lishi kerak.
Umuman olganda, Senat va mahalliy kengashlar Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida Prezident boshchiligidagi islohotlarning faol ishtirokchisi, xalqimiz hayotini yaxshilash, hududlarimiz manfaatlarini ifoda etish va keng ma’noda taraqqiyotimizga xizmat qiluvchi muhokamalar, g‘oya va tashabbuslar maydoni bo‘lishi kerak.
Norgul Abduraimova,
Nosir Haydarov (surat), O‘zA