Investitsiyalar jalb etish, sanoatni rivojlantirish – ijtimoiy masalalarni hal qilishda juda muhim

179

Senat yalpi majlisida hududlarni rivojlantirish masalalari doimiy e’tiborda ekani alohida ta’kidlandi.

– Yaqinda Byudjet va iqtisodiy masalalar, Mudofaa va xavfsizlik masalalari hamda Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitalarining qo‘shma majlisida Andijon, Jizzax, Namangan va Xorazm viloyatlarida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar holati yuzasidan hudud rahbarlarining axborotlari eshitildi, – dedi Senat Raisi Tanzila Norboyeva. – Investitsiyalar jalb etish, sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi. Zero, mazkur yo‘nalishlar dolzarb ijtimoiy masalalarni ham samarali hal qilish, ayniqsa, kambag‘allikni qisqartirishda nihoyatda muhim. Bu borada, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan Sayxunobod, Uychi, Zarbdor, G‘ijduvon tajribalari yaxshi samara bermoqda. Shu jumladan, kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha “Qo‘shrabot tajribasi”ni ommalashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu bo‘yicha Samarqand viloyati va bevosita Qo‘shrabot tumani rahbariyati Senatda taqdimot qilishi belgilangan. Keyinchalik Senat qo‘mitalari, mahalliy kengashlar hamda hudud mutasaddilari bilan birgalikda belgilangan maqsadlarga erishish, hudud va respublika darajasidagi masalalarni hal qilishda ko‘maklashish hamda ijobiy tajribalarni boshqa hududlarga ham joriy qilish bo‘yicha birgalikda ish olib boriladi.

Kuni kecha poytaxtning Yakkasaroy tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholining yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.

Hukumatning 2024 yil fevraldagi qaroriga asosan 2024 -2026 yillarda tumanda 14,4 trillion so‘mlik 97 loyihani amalga oshirish belgilangan.

Ayni kunlarda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda yangi loyihalar paketini shakllantirish ishlariga ko‘maklashilmoqda.  (Keyinchalik Olot, Bo‘ston, Yakkasaroy, Kattaqo‘rg‘on tumanlariga o‘tiladi).

Umuman, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga alohida tumanlar miqyosida yondashilayotgani loyihalar va tajribalar samarasini tezroq va aniqroq baholash imkonini beradi, shuningdek, ijobiy tajribalar asosida boshqa hududlarni ham rivojlantirishga zamin yaratadi.

N.Abduraimova,  

N.Haydarov (surat),  

O‘zA