Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ilmiy asoslanganlik darajasini oshirishga e’tibor kuchaytiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ilmiy asoslanganlik darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
a) normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari:
qonun loyihalari bo‘yicha – tegishli sohadagi davlat ekspertlik ilmiy- tadqiqot muassasalari tomonidan beg‘araz asosda;
qonunosti hujjatlari loyihalari bo‘yicha – tegili sohadagi davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda davlat oliy ta’lim muassasalari tomonidan kelishuv asosida ilmiy ekspertizadan o‘tkaziladi;
b) normativ-huquqiy hujjat loyihasini ilmiy ekspertizadan o‘tkazish natijalari bo‘yicha xulosa tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘lib, xulosa loyihani ishlab chiquvchi tashkilot tomonidan ko‘rib chiqiladi;
v) loyihani ishlab chiquvchi tashkilot ilmiy ekspertiza xulosasida ko‘rsatilgan taklif, e’tiroz va fikr-mulohazalar yoki ularning bir qismini inobatga olmagan taqdirda, ular yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilgan holda kelishmovchiliklar jadvalini tayyorlaydi.
Qarorga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilmiy ekspertizadan o‘tkazuvchi tegishli sohadagi davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda davlat oliy ta’lim muassasalarining elektron reyestri yuritiladi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining ilmiy ekspertizasi natijalari bo‘yicha xulosa Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi orqali taqdim etiladi.
Qaror bilan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilmiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.
O‘zA