Senatning qonun ijodkorligidagi tashabbuskorligi kuchaytiriladi

Senat yalpi majlisida mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi bosqichidagi dolzarb vazifalar, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasidagi maqsadlarga e’tibor qaratildi.
Senat Raisi bu masalada fikr bildirib, Prezidentimizning parlament a’zolari bilan uchrashuvlarida bergan ko‘rsatmalaridan kelib chiqib, Senatning joriy yil birinchi yarmiga mo‘ljallangan ish rejasi shakllantirilganini qayd etdi.
– Faoliyatimizning eng asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha 100 dan ortiq chora-tadbirlar va ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlari belgilandi, – dedi Tanzila Norboyeva. – Eng avvalo, yangi Konstitutsiyaga muvofiq, Senatning qonun ijodkorligidagi roli va tashabbuskorligi kuchaytiriladi. Jamiyat va davlat hayotiga oid muhim masalalarni hal etish bo‘yicha qonunchilik takliflari ilgari suriladi. Bunda, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi, oila, aholi salomatligini saqlash, bolalarni zararli axborotdan himoya qilish, turizm, qurilish sohalarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Parlament nazorati doirasida 50 ga yaqin dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan o‘rganish va tahlillar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Asosiy e’tibor hududlarga, ya’ni viloyat, tuman, shahar, mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya, tadbirkorlik, kambag‘allikni qisqartirish, bandlik (ayniqsa, norasmiy bandlikni qisqartirish), ta’lim, tibbiyot, ijtimoiy himoya, inson huquqlari, korrupsiyaga qarshi kurashish, tashqi va ichki mehnat migratsiyasini tartibga solish bilan bog‘liq muhim masalalarga qaratiladi.
Bunda, faqatgina nazorat bilan cheklanilmasligi, o‘rganishlar, tahlillar orqali asoslangan takliflar ishlab chiqilishi ta’kidlandi. Mavjud muammolarni hal qilishda vazirlik, idora va mahalliy davlat hokimiyati organlariga ko‘maklashib boriladi.
Har bir hududda bittadan faoliyati namunali yo‘lga qo‘yiladigan tuman (shahar) kengashi belgilab olindi. Ularning tajribasi asosida yil yakuniga qadar barcha tuman (shahar) kengashlari faoliyatini namunali tashkil etish choralari ko‘riladi.

Umuman olganda, mahalliy kengashlar faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish Konsepsiyasi qabul qilinadi va bu boradagi barcha ishlar ushbu hujjatga tayangan holda tizimli davom ettiriladi.
Muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lgan xalqaro aloqalarni yanada faollashtirish, parlamentlararo hamkorlik ko‘lamini kengaytirish borasida ham 20 ga yaqin chora-tadbir belgilab olindi.
Senat Raisi Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi aprel oyida yurtimizda o‘tkazilishi, bunday global ko‘lamdagi tadbir ilk bor o‘tkazilishini e’tiborga olib, uni har tomonlama yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilayotganini aytib o‘tdi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosida parlamentning faol ishtiroki va nazoratini ta’minlash bo‘yicha xorijiy davlatlarning qonun chiqaruvchi organlari bilan hamkorlik ham izchil davom ettiriladi. Ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, milliy mahsulotlar eksporti hajmini oshirish va turizm faoliyatiga ko‘maklashish borasida mamlakatimizning chet davlatlardagi 36 diplomatik vakolatxona rahbarining hisobotlari eshitiladi.
Norgul Abduraimova,
Nosir Haydarov (surat),
O‘zA