“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Call-center”larda sun’iy intellektni joriy qiladi (+video)

268

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan sohada raqamlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar: mavjud muammolar va kelgusi rejalar” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Soha mutaxassislari, keng jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etgan ushbu tadbirda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Elektr energiyasini avtomatlashtirish markazi” filiali direktor o‘rinbosari Diyorbek Nishonov va axborot xizmati rahbari Faxriddin Nuraliyev raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda sohaga raqamlashtirish jarayonlarini keng tatbiq etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta farmon va qarori qabul qilingan bo‘lib, ular ijrosiga asosan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 15 ta asosiy ustuvor loyiha amalga oshirilishi belgilangan.

Ayni paytda 9 ta loyiha, xususan, “Billing” tizimi, “Call-center”ni raqamlashtirish, “CRM” dasturi, iste’molchilarning “Shaxsiy kabineti” va mobil ilovasi, Elektron hujjat aylanish tizimi (EDO), Korporativ ma’lumotlarni saqlash (DWH) va tahliliy platformasi (BI), “Energetikning virtual ish stoli“ loyihasi – Yangi qurilish, modernizatsiya va rekonstruksiya jarayonlarini avtomatlashtirish, “Elektron dalolatnoma” dasturi – Geoinformatsion tizim to‘liq ishga tushirildi. Shuningdek, yana 6 ta yangi loyiha ishlab chiqilmoqda.

2025 yilga qadar raqamli ombor dasturi, xarid tizimini raqamlashtirish, texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish (SCADA) va sun’iy intellektdan foydalanishni qamrab oluvchi yangi loyihalar amaliyotga joriy etilishi rejalashtirilgan.
Diyorbek Nishonovning ta’kidlashicha, jamiyat bu yil “Call-center”larda sun’iy intellektni joriy qiladi. Ayni kunlarda bu borada ishlar davom ettirilmoqda.

– Hozirda ishga tushirilgan “HET BILLING” mobil ilovasi orqali iste’molchilar o‘z elektr energiyasi iste’moli, kunlik sarf va to‘lovlar haqida onlayn ma’lumot olish imkoniga ega. Ilova Android va iOS platformalari uchun bepul taqdim etilgan. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar uchun “E-dalolatnoma” tizimi ham amaliyotga joriy etilgan. “Energetikning virtual ish stoli” va geoinformatsion tizimlar orqali texnik topshiriqlarni elektron tarzda shakllantirish va ko‘rib chiqish jarayoni osonlashtirildi. Yangi “Billing” tizimi iste’molchilarga texnik shartlarni onlayn tarzda olish, elektr tarmoqlariga ulanish nuqtalarini avtomatik tanlash imkoniyatini beradi. Iste’molchilar uchun qo‘shimcha qulaylik sifatida tabiiy gaz, suv, elektr energiyasi hisoblagichlarining qiyoslash sertifikati muddatlari, qarzdorlik holati va boshqa ma’lumotlar haqida SMS-xabarnoma xizmati yo‘lga qo‘yildi, –dedi D. Nishonov.

Tadbirda mutaxassislar raqamlashtirish jarayonlarini yanada takomillashtirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va iste’molchilar uchun zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish yo‘lida barcha chora-tadbirlar amalga oshirilishini qayd etdi.

N.Ziyodullayeva, A.Sodiqov (video), A.Ahmedov (video+montaj), O‘zA