Milliy madaniy markazlar bilan qanday faoliyat olib borilmoqda?

275

Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash yurt tinchligi va osoyishtaligida muhim o‘rin tutadi. Bu borada mamlakatimizda millatlararo do‘stlik muhiti va ko‘p millatli katta yagona oila tuyg‘usini mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi mamlakatimizdagi 157 ta milliy madaniy markaz, xorijdagi 98 ta vatandoshlar jamiyati bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Mamlakat hududida yashovchi turli millat va elatlarning madaniyati, tili, urf-odati va an’analarini saqlab qolish, rivojlantirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Do‘stlik uylari” tashkil etildi, milliy madaniy markazlar faoliyati moddiy qo‘llab-quvvatlandi. O‘zbekistondagi milliy madaniy markazlar xorijdagi vatandoshlarning milliy ijodini rivojlantirish, yoshlar orasida ilmiy va madaniy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan turli dasturlar va seminarlar o‘tkazmoqda.

Bu haqda Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan eshituvda aytib o‘tildi. Unda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining “Milliy madaniy markazlar va xorijdagi vatandoshlar bilan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.

Eshituvda deputatlar xorijdagi vatandoshlar bilan bog‘liq ishlar samaradorligini oshirish, milliy madaniy markazlar bilan hamkorlik qilish, jahon miqyosida O‘zbekistonning madaniy merosini tanitish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar berdilar.

M.Komilova, O‘zA