2025 yilgi yozgi Universiadaga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi

263

2025 yil mamlakatimiz sportchilarini bir qator yirik musobaqalar kutib turibdiki, ular orasida kompleks sport o‘yinlari alohida o‘rin tutadi.

Xo‘sh, joriy yilning 16-27 iyul kunlari Germaniyaning Reyn-Rur shahrida talaba-sportchilar o‘rtasida o‘tadigan navbatdagi XXXII yozgi Universiada o‘yinlarida mamlakatimiz vakillari qanday tarkibda ishtirok etadi? Ko‘zlangan natijalar qanday? Tayyorgarlik ishlari qaysi tamoyillar asosida olib boriladi?

Sport vazirligi mutasaddilari, O‘zbekiston talabalar sport assotsiatsiyasi rahbariyati, tegishli sport federatsiyalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu masalalarga oydinlik kiritildi.

Ma’lumki, XXXII yozgi Universiada o‘yinlari 18 ta sport turida tashkil etiladi. Unda Olimpiya o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida yuqori natijalarga erishgan sportchilar ishtirok etishi kutilmoqda.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston talaba-sportchilari XXXII yozgi Universiada o‘yinlarining 12 ta sport turida vatanimiz sharafini himoya qilishi belgilangan.

Xalqaro universitetlar sport federatsiyasi yaqinda O‘zbekiston sport delegatsiyasi ham yilning eng muhim sport musobaqasida ishtirok etishi yuzasidan rasmiy taklifnoma yo‘lladi.

Yig‘ilishda sport turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktablari direktorlari hamda tegishli sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiya bosh kotiblari ishtirok etib, musobaqalarga tayyorgarlik  ko‘rish hamda O‘zbekiston sport delegatsiyasining munosib ishtirokini ta’minlash borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Shu o‘rinda bir gap. Bundan ikki yil muqaddam Xitoyning Chendu shahrida o‘tgan XXXI yozgi Universiada o‘yinlarida mamlakatimizning 70 nafar sportchisi ishtirok etib, 8 ta kumush, 6 ta bronza medallari bilan umumjamoada 36-o‘rinni egallagan edi.

Bu yilgi ko‘zlangan natijalar qanday bo‘ladi? Ikki yil muqaddam qayd etilgan ko‘rsatkichlarni yangilash uchun qaysi jihatlarga e’tibor qaratiladi?

– Albatta, har qanday musobaqaning o‘z tartib-qoidasi, yo‘nalishi, ishtirokchi-sportchilar mundarijasi erishiladigan yutuqlarga mezon hisoblanadi. Hech bir kompleks o‘yinlarda kuchsizlar bo‘lmaganidek, bu safar ham ayni holat yuz berishi tabiiy hol. Shu jihatdan, asosiy e’tiborni natijadorlikka erishishga qaratganmiz. XXXII yozgi Universiada o‘yinlari taqvimidan o‘rin olgan 18 ta sport turining barchasida qatnashish  imkoniyatimiz borligini aytgan holda, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishga qodir jamoalar va “Los-Anjeles-2028” Olimpiya o‘yinlarida o‘z so‘zini aytish imkoni bor bo‘lgan yo‘nalishlarga e’tibor qaratdik. Maqsadimiz, “Chendu-2023” Universiadasidagi qayd etilgan sonlarni sifat ko‘rsatkichida yangilash, – deydi O‘zbekiston talabalar sport assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Erkin Qodirov.

Bildirilgan fikr va takliflar inobatga olinib, yig‘ilishda har bir yo‘nalish mas’ullariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA