Aziz Sanjar – Turk dunyosi madaniyati elchisi

223

Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti – TurkSOY Bosh kotibi Sulton Rayev AQSHga tashrifi doirasida atoqli olim, Nobel mukofoti sohibi, professor Aziz Sanjarga “Turk dunyosi madaniyat elchisi” medalini topshirdi.

“AzerTAJ” xabar berishicha, taqdirlash marosimi Shimoliy Karolinadagi Aziz va Gven Sanjar jamg‘armasi huzurida faoliyat yurituvchi “Sanjar” madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan.

S.Rayev jahonga mashhur qardoshimizni mukofotlash to‘g‘risidagi qaror tuzilma doimiy qo‘mitasi a’zolari – vazirlar tomonidan Shushada bo‘lib o‘tgan 40-yig‘ilishda bir ovozdan qabul qilinganini eslatarkan, olimning xizmatlarini yuksak baholadi:

– Aziz Sanjar shunchaki olim emas, turkiy dunyo ilmiy dahosi ko‘zgusidir. Nobel mukofoti sovrindori butun insoniyat taraqqiyotiga hissa qo‘shdi. Sizning kamtarligingiz va mehnatsevarligingiz har bir insonga o‘rnak!

Professor, o‘z navbatida, bu unvonihayotidagi eng qimmatli mukofot ekani – “Nobel mukofotidan ham qadrliroqligi”ni alohida qayd etdi.

– “Turk dunyosi madaniyat elchisi” unvonini olish mening orzuim edi, – dedi Aziz Sanjar.

Olim turkiy davlatlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimligini ta’kidlab, turkiy dunyoning yaqinlashuvi qardosh davlatlar rahbarlari sa’y-harakatlari, qolaversa, TurkSOY kabi tashkilotlar mehnati samarasi ekanini ta’kidladi.

M.Pirmatova, O‘zA