Kuala-Lumpur shahrida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi delegatsiyasi Malayziya Iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari Hajja Xanifa Hajar Taib bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda Malayziyaning barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashdagi muvaffaqiyatli tajribasi, resurslarni samarali boshqarish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, hududiy iqtisodiyotni rag‘batlantirish bo‘yicha tajribasi batafsil muhokama qilindi.

Muloqot davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi. Xususan, “yashil” iqtisodiyot, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish strategiyalarini ishlab chiqish va uglerod emissiyalarini qisqartirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirish masalasi ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, texnologik innovatsiyalar  bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlarni amaliy iqtisodiyotga tatbiq qilish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va texnologiyalar transferini qo‘llab-quvvatlash hamda inson kapitalini rivojlantirish, ya’ni mehnat bozorining rivojlanishini inobatga olgan holda yosh mutaxassislarni tayyorlash borasida bilim va malaka almashish uchun seminar va treninglar tashkil qilish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish maqsadida muntazam muloqotni davom ettirish va ikki tomon uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan yo‘nalishlarda imkoniyatlar muntazam o‘rganib borilishiga kelishib oldilar.

Bunday hamkorlik O‘zbekistonning 2030 yilga mo‘ljallangan “yashil” iqtisodiyot strategiyasini amalga oshirishda xalqaro tajriba va resurslardan samarali foydalanish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA