Qish mavsumida har bir inson uchun issiqlik ta’minoti suv va havodek zarur ekanini yaxshi bilamiz. O‘z shaxsiy hovlisida yashovchi aholi, yashash xonalarini o‘zi isitib olishi mumkin. Ammo ko‘pqavatli uylarda yashovchi odamlar bundan mustasno.

Shu sababli ba’zida ularga ko‘rsatilayotgan issiqlik ta’minotida muammolar uchrashi tabiiy. Ayrim xollarda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun ham haq to‘lash holatlari uchraydi. Va bu holat issiqlik ta’minotida uzilishlar bo‘lsa ko‘rsatilmagan xizmat uchun qayta hisob-kitob amalga oshiriladimi yoki yo‘qmi degan savol tug‘ilishiga olib keladi.

Mazkur savolga Raqobat qo‘mitasi Bosh mutaxassisi Samandar Normurodov javob berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi “Kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori mavjud. Mazkur qaror bilan tasdiqlangan Ko‘pqavatli uylarda issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatish qoidalariga asosan, iste’molchi qonun hujjatlarida, issiqlik ta’minoti shartnomasida yoki issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan holatlarda issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatilmaganda yoki xizmatlar zarur sifat va tartibda ko‘rsatilmaganda jarimalar, penyalar to‘lashni, qayta hisob-kitob amalga oshirilishini talab qilish huquqiga ega.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasi, 2-xatboshida sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi belgilangan.

N.Rahmonova, O‘zA