Xotin-qizlar doimiy e’tiborda

O‘tgan yil mobaynida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash, oilalar mustahkamligi va farovonligini oshirish borasida ijobiy ishlar amalga oshirildi.
– Jumladan, xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi rolini oshirish borasidagi sa’y-harakatlar natijasida bugun xotin-qizlarning davlat boshqaruvdagi ulushi 17,4 foizga yetdi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Maryam Ahmedova. – Bo‘lib o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga saylangan 65 nafar deputatning 21 nafarini, shuningdek, shahar va tuman Kengashlariga saylangan jami 375 nafar deputatning 136 nafari xotin-qizlardir.
Yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat!” shiori ostida barcha mahallalarda “Oila – muqaddas dargoh”, “Sog‘lom oila – sog‘lom turmush tarzi”, “Qizlar – avlod tarbiyachilaridir” mavzularida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, 222 ta mahallada “Oila huquqi asoslari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
O‘tgan yil mobaynida 1 ming 755 ta oilaviy ajrim qayd etilgan bo‘lib, 178 taga kamaydi. “Nizoli oilalar bilan ishlash daftari” asosida yakka tartibda olib borilgan ishlar natijasida 119 ta notinch oilada muhit sog‘lomlashtirildi. Ajrim yoqasida turgan oiladan 1 ming 123 tasi yarashtirildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida memorandum imzolangan.
Faoliyat davomida xotin-qizlarning salomatligini mustahkamlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, davolanishga va jarrohlik amaliyotiga muhtoj bo‘lgan 1 ming 175 nafar xotin-qiz va voyaga yetmagan bolaning manzilli ro‘yxati shakllantirildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy yilning shu kuniga qadar 1 ming 175 nafar xotin-qiz va voyaga yetmagan bola sog‘lomlashtirildi. Shundan 42 nafariga O‘zbekiston Respublikasi oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘laridan moliyalashtirish orqali hamda 1 ming 133 nafariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi kasalxonalarda bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
Bundan tashqari xotin-qizlar bandligini ta’minlash va tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, 17 ming nafar xotin-qiz doimiy ishga joylashtirilib, 5 ming 226 nafari jamoat ishlariga jalb qilindi. Shuningdek 10 ming 703 nafar xotin-qiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarda, 4 ming 9 nafari Xotin-qizlar tadbirkorlik markazida, 2 ming 384 nafari Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitildi.
Shuningdek, aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi hisobidan 3 ming 61 nafar xotin-qizga 17 milliard 479 million so‘m miqdorida subsidiya ajratildi. “Ustoz-shogird” an’anasi asosida 1 ming 538 nafar xotin-qiz hunarmandchilikka jalb qilindi. Tadbirkorlik faoliyatini boshlash va kengaytirish istagida bo‘lgan 18 ming 902 nafar xotin-qizga 254 milliard 803 million so‘m miqdorida kredit ajratildi.
Joylarda o‘tkazilgan sayyor qabullar va “Ayollar daftari” doirasida qariyb 8,7 mingta oilaga 8,1 milliard so‘mlik davlat ko‘magi berildi. Xotin-qizlarga oid davlat siyosati doirasida belgilangan vazifalar bo‘yicha o‘tgan yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasida 57 ming 16 nafar xotin-qiz daftarga kiritilib, ulardan 56 ming 634 nafariga amaliy yordam ko‘rsatildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 32 ming 820 nafar ishsiz xotin-qizning band¬ligi ta’minlandi. 8 ming 380 nafari o‘qitilib, ularga moliyaviy ko‘mak berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarga kerakli yordamlar ko‘rsatilishiga ko‘maklashildi. Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj nogironligi bor bo‘lgan 3 ming 458 nafar xotin-qiz hamda 18 yoshgacha bo‘lgan bola reabilitatsiya va protez-ortopediya vositalari bilan ta’minlandi. 1 ming 267 nafar xotin-qizni tibbiyot va sanatoriylarga joylashtirishga ko‘maklashildi.
Bugungi kunga qadar og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan jami 391 nafar xotin-qiz homiylar tomonidan ijtimoiy uy-joy bilan ta’minlandi. Shundan 16 nafariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 3032 yil 25 oktyabrdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida, 23 nafariga Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 2 fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida berilib, 33 nafari ijtimoiy uylarga hamda 29 nafari homiylar tomonidan olib berilgan uy-joyga joylashtirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2024 yil mobaynida 3 ming 253 nafar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qiz davlat himoyasiga olindi. Olib borilgan profilaktika ishlari natijasida 1 ming 589 ta oila yarashtirildi, 1 ming 311 ta nizo bartaraf etildi. Shuningdek, himoya orderi berilgan 102 nafar xotin-qiz “Xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi”ga joylashtirilib, ularga huquqiy, tashkiliy, psixologik va boshqa turdagi yordam ko‘rsatildi.
2025 yil Orolbo‘yi xotin-qizlari hayotida katta quvonch bilan boshlandi. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Yangi yil bayrami arafasida o‘tkazilgan “Yil ayoli” milliy tanlovining Respublika bosqichida Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus oliy mahorat maktabi murabbiy-o‘qituvchisi Nigora Polvonova Gran-pri sohibi bo‘lib, Prezident sovg‘asi – avtomobil bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA