Murojaatlar o‘rganilib yechimlar topilmoqda

172

Prezidentimiz topshirig‘i bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida fuqarolar muammolarini o‘rganish va yechimini topish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tuzilib, bu borada joylarda sayyor qabullarni tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi.

Beruniy tumanida Amudaryo, Beruniy, To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlaridan kelgan fuqarolar uchun respublika sektor hamda vazirlik va tashkilotlar rahbarlari tomonidan murojaatlar va aholini qiynab kelayotgan muammolarga yechim topish bo‘yicha sayyor qabul o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar, Adliya, Sog‘liqni saqlash, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirliklari, Markaziy bank, Bojxona boshqarmasi, Soliq qo‘mitasi, Kadastr agentligi va boshqa idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Qabulda sud-huquq tizimiga oid murojaatlar, tibbiy yordam ko‘rsatish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ta’lim, bandlik, mahallalardagi infratuzilma, bank kreditlari va boshqa bir qator masalalar yuzasidan murojaatlar ko‘rib chiqildi.

Sayyor qabulda 219 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shundan, 78 tasi sud tizimiga tegishli. Ulardan 38 ta masala jinoyat, 5 ta ma’muriy, 30 ta fuqarolik, 5 ta masala iqtisodiy sudlovga oid bo‘ldi. Og‘zaki va yozma ravishda murojaatlar qabul qilingan tadbir davomida 39 nafar murojaat egasiga huquqiy tushuntirish berildi. 3 ta ishbilarmonlik sub’ektiga sud qarorlari ustidan shikoyat qilish tartibi tushuntirildi.

Fuqarolar tomonidan bildirilgan aksariyat murojaatlarga joyida yechim topish choralari ko‘rildi. Vaqt talab etiladigan murojaatlar ijrosi nazoratga olinib, ijobiy hal etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish belgilandi.

Respublika ishchi guruh tomonidan sayyor qabul Chimboy, Qonliko‘l tumanlarida, Nukus shahrida ham bo‘lib o‘tadi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri