Hududlarning ekologik barqarorligi ta’minlanadi (+video)

Bugungi kunda shaharlarda sanoat korxonalari uglevodorod yoqilg‘ilarini yoqishdan tashqari, ekologik xavfli mahsulotlar ishlab chiqarish orqali ham atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Masalan, 2023 yilda ifloslantirilish darajasi bo‘yicha tashlamalarning umumiy miqdori 1,8 million tonnani tashkil qilib, shundan 1 million tonnasi (57 foiz) transport vositalari hamda 800 ming tonnasi (43 foiz) sanoat va ishlab chiqarish korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelgan. O‘tgan yillar davomida respublikada 7 ming 36 ta ishlab chiqarish korxonasida 125,6 million tonna sanoat chiqindilari hosil bo‘lgan.
Bundan tashqari, iqtisodiyot tarmoqlarida ko‘mirdan va kuz-qish mavsumida aholiga markazlashgan issiqlik yetkazib berishda mazutdan foydalanish hajmi oshgan. Ma’lumot uchun, ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanish 11 million tonnaga yetgan. So‘nggi 2 yil mobaynida mazutdan foydalanish deyarli 5 barobarga ortgan. Natijada aholi o‘rtasida turli xil surunkali kasalliklar, jumladan, astma, allergiya, o‘pka bronxiti va boshqa kasalliklar kelib chiqmoqda.
Qayd etish lozimki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasida Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida yangi sanoat korxonalari faoliyatini taqiqlash va mavjudlarini shahar tashqarisiga ko‘chirish bo‘yicha taklif kiritilgan.
2025 yil 1 maydan boshlab asbest, sement ishlab chiqarish, shlam va shlaklar, teri-ko‘nchilik, parrandachilik fabrikalari, samaradorligi yuqori bo‘lgan chang-gaz tozalash inshootlari bilan jihozlanmagan har qanday turdagi ko‘mir yoqish, qora va rangli metallurgiya zavodlari, tarkibida zaharli aralashmalar bo‘lgan oyna, zaharli kimyoviy moddalar bilan ishlash hamda xavflilik darajasining I va II sinfiga mansub chiqindilarni qayta ishlash va yoqish korxonalari yo‘nalishlarida yangi loyihalarni amalga oshirish taqiqlanadi.
Shuningdek, 2025 yil 1 maydan yuqorida ta’kidlangan faoliyat turlariga mansub bo‘lgan yangi loyihalarni davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish man etiladi. Qolaversa, 2025 yil 1 oktyabrga qadar atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan ob’ektlarni hamda energiya sig‘imi yuqori bo‘lgan yo‘nalishlardagi mavjud quvvatlarni bosqichma-bosqich ko‘chirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish ham ko‘zda tutilgan.
Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan yangi loyihalar taqiqlanishi va hozirda mavjud 168 ta sanoat korxonalari bosqichma-bosqich chetga chiqarilishi natijasida hududlarning ekologik barqarorligi ta’minlanadi.
Sanoat korxonalari ko‘chirib kelingan hududlarda yangi ish o‘rinlari va infratuzilma ob’ektlari (yo‘l, elektr, gaz va suv ta’minoti) barpo etiladi. Samaradorligi yuqori bo‘lgan chang-gaz tozalash inshootlari bilan jihozlanmagan korxonalar faoliyati taqiqlanishi natijasida atmosfera havosiga chiqarilayotgan tashlamalar miqdori qisqaradi. Shu bilan birga, energiya manbai sifatida ko‘mirdan foydalanadigan barcha korxonalarda chang va gazni tozalash inshootlarini o‘rnatish, sanoat chiqindilarini qayta ishlash dasturlarini yaratish va ulardan qurilish materiallari ishlab chiqarish uchun foydalanish, parranda fabrikalari uchun bioenergetika texnologiyalarini hamda teri ishlab chiqarish zavodlari uchun oqova suvlarni tozalash tizimlarini joriy etish belgilangan.
Davlat ekologik ekspertizasi markazi bosh direktori maslahatchisi Islom Xushvaqtov mazkur taklif yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA