
Bangkokda tashkil etilgan 30-Tailand xalqaro sayyohlik yarmarkasida mamlakatimizning sayyohlik salohiyati namoyish etildi.
Yarmarkada 600 ga yaqin kompaniya, jumladan, xalqaro va mahalliy aviakompaniyalar, sayyohlik agentliklari va mehmonxona xizmatlari vakillari ishtirok etdi. Tadbir to‘rt kun davomida “Tailand bo‘ylab sayohat qiling” shiori ostida qariyb 300 mingga yaqin mehmonlarni o‘ziga jalb qildi.
O‘zbekiston stendida tarixiy yodgorliklar, milliy liboslar va noyob me’morchilik an’analari aks etgan madaniy merosga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, gastronomik va ekologik turizm ham mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbek milliy liboslari tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va ularning ko‘pchiligi ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston madaniyati haqidagi fikr-mulohazalari, taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Tailand sayyohlik agentliklari uyushmasi vitse-prezidenti Sittichay Udomkittanakul yarmarkadagi faol ishtirok uchun O‘zbekiston vakillariga minnatdorchilik bildirdi. U mazkur tadbir tailandliklarga O‘zbekiston bilan yaqindan tanishish imkonini berganini ta’kidladi.
Qayd etish joiz, mamlakatimizning xalqaro yarmarkadagi ishtiroki O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati va madaniy merosini tobora rivojlanib borayotgan Osiyo bozorida ilgari surish strategiyasining muhim bir qismi hisoblanadi.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA