Jerom Boye: Sa’y-harakatimiz yashil yechim bo‘yicha global maqsadga mos

“Alstom” kompaniyasi mintaqamiz ehtiyojiga moslashtirilgan barqaror temir yo‘l transporti tizimini shakllantirish yo‘lidagi faoliyatini kengaytirmoqda. Bu haqda korxonaning G‘arbiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori Jerom Boye ma’lum qildi:

– Hamkorligimiz doirasi O‘zbekiston va Turkmaniston hisobiga kengayishi mijozlarimiz qo‘llab-quvvatlovi hamda infratuzilmani rivojlantirish ehtiyojidan kelib chiqadi. “Alstom” barqaror temir yo‘l yechimlariga doim sodiq. Barqarorlikka yo‘naltirilgan strategiyamizning asosi hisoblangan kompaniya elektrovozlari bugungi kundagi mavjud transport yechimlari orasida eng kam uglerod miqdoriga ega. Qozog‘iston va Ozarbayjonda harakatlanayotgan lokomotivlarimiz har bir tonnadan kilometriga atigi 7,0 g. CO2 chiqindi ko‘rsatkichi bilan yuqori ekologik xususiyat namoyish etdi.
Xullas, yashil yechim bo‘yicha global ehtiyojga mos keladigan sa’y-harakatlarimiz Markaziy Osiyo transport infratuzilmasini atrof-muhitga imkon darajasidagi eng kam salbiy ta’sir asosida modernizatsiya qilish maqsadini qo‘llab-quvvatlaydi.
Mahalliy bozorlarning o‘ziga xos xususiyatini inobatga olgan holda, biz yondashuvimizni moslashtirib, talab yuqori hududlarda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish majmualari yaratish imkoniyatini ko‘rib chiqamiz.
Biz kiritayotgan investitsiya mintaqaviy rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘unlashishi muhim. Asosiy e’tiborni shunga qaratamiz.
1928 yil tashkil etilgan, temir yo‘l transporti tizimiga ixtisoslashgan “Alstom” muhandislik-ishlab chiqarish kompaniyasi sohada dunyo yetakchilaridan biri sanaladi. Bosh qarorgohi Fransiya poytaxti Parij chetidagi Sent-Uen-syur-Sen hududida joylashgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA