O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YETTB) moliyaviy institutlar bo‘yicha boshqaruvchi direktori Fransis Malij boshchiligidagi delegatsiya vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda tomonlar o‘zaro hamkorlik natijalari va galdagi rejalar xususida so‘z yuritdi. Xususan, unda o‘tgan davrda hamkorlikda amalga oshirilgan loyihalar va ularning natijalari, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari, shuningdek, O‘zbekistonda iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy farovonlikni oshirishga qaratilgan ustuvor tashabbuslar muhokamasiga e’tibor qaratildi.

Muloqot chog‘ida davlat ishtirokidagi banklarni xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, davlat korxonalarini rivojlantirish va transformatsiya qilish kabi yo‘nalishlar muhokama qilindi. Shuningdek, ta’lim sohasida maktablar va talabalar yotoqxonalarini tashkil etish loyihalari, davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan tashabbuslar haqida fikr almashildi.

“Yashil” o‘sishni ta’minlash, jumladan, energiya samaradorligini oshirish va “yashil” texnologiyalarni keng joriy etish, kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish va yanada qo‘llab-quvvatlash, xususan, ayollar va yosh tadbirkorlar uchun moliyaviy xizmatlarning qulayligini oshirish masalalari ham tomonlar diqqat-e’tiborida bo‘ldi.

Muzokaralarda issiqlik ta’minoti, “yashil” va innovatsion texnologiyalar, suv resurslaridan samarali foydalanish kabi masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik istiqbollarini belgilab oldi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA