Shveysariyaning “Tecan” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi

208

Farmatsevtika sohasining asosiy ustunlaridan biri laboratoriyalar hisoblanadi. Ular dori vositalarining sifati, xavfsizligi va samaradorligini ta’minlashda, shuningdek innovatsion rivojlanishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda farmatsevtika sohasini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida muhim qadamlar qo‘yilmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Shveysariyaning “Tecan” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda mazkur kompaniya Markaziy Osiyo bo‘yicha “Zalma” korxonasi vakillari bilan R&D laboratoriyasini jihozlash, laboratoriyalar konsepsiyasini o‘rganish va konsepsiyaga qaysi laboratoriyalar kiritilishi masalalari muhokama qilindi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya vakillari R&D laboratoriyalari uchun uskunalari va mahsulotlar taqdimoti o‘tkazdi. Tomonlar kelgusida mutaxassislarni jalb qilib, video-konferens aloqa orqali uchrashuv o‘tkazish va hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

M.Hojiakbarova, O‘zA