Davlat tibbiy sug‘urtasining joriy etilishi sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqadi
Munosabat
Sog‘liqni saqlash sohasi – mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir etuvchi asosiy omillardan biridir.
Shu bois, keyingi yillarda soha rivojiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Xususan, oxirgi yetti yilda sog‘liqni saqlash sohasiga davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘lar sezilarli darajada oshirildi. Birgina 2025 yilning o‘zida davlat byudjetidan sohaga 2024 yilga nisbatan 6,8 trillion so‘m yoki 20 foiz ko‘p mablag‘ yo‘naltirilishi belgilandi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasidagi davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun 2025 yilda 2,8 trillion so‘m, ya’ni, 2024 yilgidan 19 foizga ko‘p mablag‘ ajratildi.
Albatta, qaysi soha va tarmoq bo‘lmasin unda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarda ajratilgan mablag‘larning o‘rni muhim. Ammo, tibbiyot sohasida ana o‘sha ajartilgan mablag‘lar manzilligini ta’minlash, kasalliklarni erta aniqlash orqali ortiqcha sarf-xarajatning oldini olish yanada muhim sanaladi.
Ya’ni, aholi salomatligini mustahkamlash, kasallikni erta aniqlash va davolashda birlamchi bo‘g‘in juda muhim. Shuning uchun bu yo‘nalishdagi islohotlar xalqimiz, ayniqsa, olis hududlardagi aholining talab va ehtiyojlarini chuqur o‘rgangan holda bosqichma-bosqich amalga oshirib borilmoqda.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlardan yana biri bu – davlat tibbiy sug‘urtasi tizimidir. Bu borada hozirga qadar muayyan ishlar boshlangan va tayyorgarlik ko‘rilgan. Xususan, 2024 yil 11 sentyabrda davlatimiz rahbarining “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, 2025 yil 1 yanvardan Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy etildi. Buning uchun sohada 2024 yil yakuniga qadar “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari joriy qilindi. Tibbiyot xodimlari ulardan foydalanish bo‘yicha o‘qitildi. Muassasalar zarur texnika va tarmoq qurilmalari bilan jihozlanmoqda.
Ushbu tizimning ahamiyati shundaki, tibbiyotda natijaga asoslangan moliyalashtirish usullari tatbiq qilinadi. Tibbiy sug‘urta doirasida tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish va dori vositalarini taqdim etish davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladi, aholidan qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
Fuqarolar kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlardan bepul foydalanish uchun belgilangan muddatlarda tegishli tibbiy ko‘riklardan o‘tishi, oilaviy shifokorga yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilishi zarur. Bunda oilaviy shifokor davolash va tashxislash standartlariga muvofiq tor soha shifokorlariga, zarur hollarda shifoxonalarga elektron yo‘llanma beradi hamda bemor mazkur yo‘llanma asosida tor soha shifokori tomonidan ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Shifokor rasmiylashtirgan elektron retsept asosida dori vositalari kafolatlangan paket doirasida bemorlarga bepul beriladi va dorixonalarning tegishli sarf-xarajatlari davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Umuman olganda, davlat tibbiy sug‘urtasining joriy qilinishi aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish orqali yangi bosqichga olib chiqish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish imkonini beradi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, 2024 yil 18 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisida davlatimiz rahbari tomonidan davlat tibbiy sug‘urtasi va aholiga kafolatlangan paket asosida tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi bilan kelgusi uch yilda barcha shahar, tuman va qishloqlarni qamrab olishi tashabbusi bildirilgan edi.
Qolaversa, ma’ruzada Prezidentimiz ushbu yo‘nalishda 2025 yilda Hukumat tomonidan mahallalardagi 18 mingta tibbiyot brigadalarini o‘qitish, 884 ming nafar bemorni uy sharoitida reabilitatsiya bilan qamrab olish bo‘yicha yangi tizimni joriy etish, tug‘ruqxonalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga 100 million dollar yo‘naltirilishi ta’kidlagandi.
Shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasiga tibbiy sug‘urta tizimining joriy etilishi, jamiyatda ijtimoiy adolat tamoyilini qaror toptirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Saylovoldi dasturida ijtimoiy yo‘nalishda belgilab olingan tashabbuslar ijrosiga qaratilganligi bilan yanada ahamiyatlidir.
Xususan, partiyamiz dasturida aholiga kafolatli tibbiy xizmat ko‘rsatish va sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish maqsadida “Aqlli tibbiyot” tizimining huquqiy asoslarini ishlab chiqib, sog‘liqni saqlash tizimini to‘liq raqamlashtirish, “elektron poliklinika” va “yagona elektron anketa” tizimlarini yo‘lga qo‘yish belgilangandi.
Xulosa qilib aytganda, qarorda belgilab berilgan vazifalar nafaqat soha vakillari, balki biz, deputatlar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Bu jarayonda ushbu vazifalarning samarali bajarilishi ustidan doimiy ravishda deputatlik va parlament nazoratini olib borishimiz, sohaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishimiz darkor. Zotan, davlat tibbiy sug‘urtasining bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilishi aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini uzaytirishga ham xizmat qiladi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA