YeCHL: “Liverpul” va “Barselona” muddatidan avval keyingi bosqichga yo‘l oldi

179

Futbol muxlislarining eng sevimli musobaqalaridan biri bo‘lgan Yevropa chempionlar ligasi qariyb bir yarim oylik tanaffusdan so‘ng yana davom etmoqda. Yangicha formatda o‘tayotgan mazkur nufuzli turnirning 7-tur uchrashuvlari ham kutilmagan natijalarga boy o‘tdi.

Turning eng qiziqarli uchrashuvlaridan biri “Benfika” – “Barselona” o‘yini bo‘ldi. Unda muxlislar 9 ta gol guvohiga aylandi. O‘yinning birinchi bo‘limida “Benfika” Pavlidisning xet-trigi evaziga 3:1 hisobida oldinga chiqib oldi.

Ikkinchi bo‘limning 64-daqiqasida Rafinya hisobni qisqartirdi. Ushbu goldan so‘ng yana hujumga e’tibor qaratgan “Benfika” 68-daqiqada hisobni 4:2 ko‘rinishiga olib keldi.

“Barselona” shundan so‘ng bor e’tiborini hujumga qaratdi. Buning natijasida 78-daqiqada R.Levandovski, 86-daqiqada E.Garsiya va uchrashuv tugashiga sanoqli soniyalar qolganida Rafinya gol urib, “Barselona”ning 5:4 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.

Angliyaning “Liverpul” klubi esa Chempionlar ligasida “Lill” klubini 2:1 hisobida yengdi. Natijada Arne Slot shogirdlari yangicha formatda o‘tayotgan YeCHL hamma bahslarida g‘alaba qozongan yagona jamoaga aylandi. Aniqrog‘i, “Liverpul” ortda qolgan 7 turda “Jirona” (1:0), “Real” (2:0), “Bayer“ (4:0), “Leypsig“ (1:0), “Bolonya” (2:0), “Milan” (3:1) va “Lill” klublarini mag‘lub etdi.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, Chempionlar ligasining joriy bosqichida “Liverpul” va “Barselona” 1/8 final yo‘llanmasini muddatidan avval qo‘lga kiritdi.

Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 7-turida “Atletiko” 2:1 hisobida “Bayer Leverkuzen” ustidan g‘alaba qozondi. Shuningdek, kechagi uchrashuvlarda “Monako” – “Aston Villa” 1:0, “Atalanta” – “Shturm” 5:0, “Bryugge” – “Yuventus” 0:0, “Bolonya” – “Borussiya D” 2:1, “Srvena Zvezda” – “PSV” 2:3, “Slovan” – “Shtutgart” 1:3 hisobidagi natijalar qayd etildi.

Darvoqe, Chempionlar ligasining 7-tur uchrashuvlari doirasida Superkompyuter joriy mavsumda g‘oliblikka asosiy da’vogarlar ro‘yxatini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, “Liverpul” asosiy favorit hisoblanadi va Arne Slot jamoasining g‘alaba qozonish ehtimoli “Opta” algoritmi bo‘yicha 22,2 foiz deb baholangan. Ikkinchi o‘rinda Milanning “Inter” klubi (18,1 foiz), uchinchi o‘rinda Londonning “Arsenal” klubi (13,6 foiz) qayd etildi. “Barselona” to‘rtinchi o‘rinni egalladi (7 foiz), turnirning amaldagi g‘olibi “Real” esa beshinchi o‘rinni egalladi (6,5 foiz).

Bugun, Chempionlar ligasining 7-tur uchrashuvlari davom ettiriladi. Unda quyidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi:

“Leypsig” – “Sporting”;

“Shaxtyor” – “Brest”;

“PSJ” – “Manchester Siti”;

“Real” – “Zalsburg”;

“Feyenoord” – “Bavariya”;

“Arsenal” – “Dinamo Zagreb”;

“Milan” – “Jirona”;

“Sparta” – “Inter”;

“Seltik” – “Yang Boyz”;

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA