Suriya Rossiya kompaniyasi bilan Tartus porti bo‘yicha kelishuvni bekor qildi

175

Suriyaning yangi hukumati Rossiya kompaniyasi bilan O‘rtayer dengizidagi Tartus portini boshqarish bo‘yicha investitsiya shartnomasini bekor qildi. Bu haqda “Al-Vatan” nashriga Tartus bojxona boshqarmasi direktori Judi ma’lum qilgan.

Uning ta’kidlashicha, endilikda portni boshqarishdan tushgan barcha daromadlar “Suriya davlati foydasiga” o‘tadi va ishchilar mahalliy nazoratga qaytadi.

Ayni paytda Tartus porti to‘lovlar va logistika xizmatlari narxi yuqoriligi tufayli deyarli “falaj” holga kelgani aytiladi. Shundan kelib chiqib, ayrim tovarlar uchun bojxona to‘lovlari 60 foizga kamaytirildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2019 yilda Suriya hukumati Rossiyaning “Stroytransgaz” kompaniyasi bilan Tartus portini kengaytirish bo‘yicha 49 yillik investitsiya shartnomasini imzolagan edi.

S.Rahimov, O‘zA