Turkiya kurortidagi yong‘in qurbonlari 76 kishiga yetdi

158

Turkiyaning Bolu viloyatidagi  tog‘-chang‘i kurorti “Kartalkaya” dam olish maskanida yuz bergan yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar soni 76 kishiga yetdi, deb ma’lum qildi mamlakat ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya.

Vazirning ta’kidlashicha, favqulodda holat yuzasidan olib borilgan tergov doirasida to‘qqiz kishi, jumladan mehmonxona xo‘jayini ham hibsga olingan.

Mehmonlarning ko‘pchiligi derazalardan choyshablarga osilib  pastga tushishga harakat qilishgan, ba’zilari yerga sakragan.

“Ekol TV” xabariga ko‘ra, 1974 yilda qurilgan mehmonxona devorlari yog‘och bilan qoplangani yong‘inning tez tarqalishiga sabab bo‘lgan. Qutqarilganlardan birining aytishicha, binoda tutunni aniqlovchi va o‘t o‘chirish moslamalari umuman bo‘lmagan.

Avvalroq, 18 yanvar kuni Istanbul shahrining Atashehir tumanidagi mehmonxonaning oshxonasida ham yong‘in sodir bo‘lgandi. Yong‘in oqibatida besh nafar mehmon kasalxonaga yotqizilgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, ulardan uch nafari vafot etgan.

S.Rahimov, O‘zA