Janubiy Koreya prezidenti ustidan sud boshlandi

170

Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilinishi yuzasidan olib borilayotgan tergov doirasida davlat rahbari lavozimidan chetlashtirilgan va hibsga olingan Yun Sok Yol ishi bo‘yicha sud majlisi boshlandi.

“Yonhap” axborot agentligi xabariga ko‘ra, Yun Sok Yol Seuldagi hibsxonadan impichment bo‘yicha sud majlislari o‘tkaziladigan Konstitutsiyaviy sudga olib ketilgan.

Yun Sok Yol mahalliy vaqt bilan soat 14:00 da bo‘lib o‘tgan impichment bo‘yicha sud majlisida ishtirok etib, ayblovlar bo‘yicha o‘z himoyasini taqdim etgan. O‘sha vaqtda prezidentning yuzlab tarafdorlari uni qo‘llab-quvvatlash uchun sud binosi oldida to‘planishgan.

Konstitutsiyaviy sud 2024 yil 14 dekabrda boshlangan kundan e’tiboran olti oy ichida prezidentni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak. Agar sud Yun Sok Yolni lavozimidan chetlashtirishga qaror qilsa, Janubiy Koreyada 60 kun ichida muddatidan oldin prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi.

Xabarda aytilishicha, impichmentga duch kelayotgan amaldagi prezident Konstitutsiyaviy sud zalida birinchi marta shaxsan ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, 15 yanvar kuni hibsga olingan Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol Seul G‘arbiy okrug sudi tomonidan “qo‘zg‘olonga boshchilik qilish” va “hokimiyat vakolatini suiiste’mol qilish”da ayblanib, hibsga olingan.

G.Sattorova, O‘zA