O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik mustahkamlanmoqda

206

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi delegatsiyasi Malayziya davlatida bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasida o‘zbek delegatsiyasi Kuala-Lumpur shahridagi “SME Corporation Malaysia” agentligi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Shundang so‘ng iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxo‘jayev va “SME Corporation Malaysia” agentligi bosh direktori Rizal Dato Naini o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi

Qayd etilganidek, “SME Corporation Malaysia” (SME Corp. Malayziya) Malayziya Tadbirkorlik va kooperativlarni rivojlantirish vazirligi huzurida asosiy muvofiqlashtiruvchi organ sifatida faoliyat yuritadi. Uning asosiy vazifasi Malayziyada soni 1,1 millionga teng bo‘lgan kichik va o‘rtacha korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish milliy dasturlarini amalga oshirishdan iborat.

“SME Corporation Malaysia” agentligi ushbu dasturlarni muvofiqlashtirish, monitoring qilish va samaradorligini baholashni ham amalga oshiradi.

Agentlik mamlakat ichida ham, xalqaro maydonda ham kichik va o‘rtacha korxonalarni rivojlantirishga intilib, xalqaro hamkorlikda faol ishtirok etmoqda. U o‘z faoliyati doirasida treninglar va texnik hamkorlikni tashkil etish bo‘yicha turli dasturlar tashabbusi bilan chiqadi.

Ilmiy muassasa matbuot xizmatiga ko‘ra, uchrashuvda “SME Corporation Malaysia” agentligi tomonidan avtomatlashtirish va raqamlashtirish natijasida unumdorlikni oshirish orqali ishchi kuchi yetishmovchiligi muammosini hal qilishga qaratilgan moliyalashtirish dasturlari, shuningdek, Texnik va kasb-hunar ta’limi va treninglar (TVET) tizimlari orqali kasbiy tayyorgarlik dasturlari taqdim etildi.

Shuningdek, unda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, shu jumladan, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan sohaga oid dasturlarni amalga oshirishda tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Muzokara chog‘ida Gig-iqtisodiyoti kabi kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish va raqamli transformatsiyaning zamonaviy talablariga moslashish uchun moslashuvchan biznes modellar ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Uchrashuvda ESG Quick Guide, SME Competitiveness Rating for Enhancement (SCORE) reyting tizimi kabi vositalarni O‘zbekiston kontekstida qo‘llash, shuningdek, mahalliy va xalqaro bozor ehtiyojlarini qondirish uchun qo‘shma treninglarni tashkil etishga kelishildi.

Muzokaralar yakunida kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari, jumladan, tajriba almashish uchun qo‘shma ta’lim dasturlari va vebinarlarni tashkil etish belgilab olindi.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA