Jadidlar va Behbudiy merosini o‘rganishdagi yangi yondashuvlar

209

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi saroyida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bosh tashkilotchiligida Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi munosabati bilan “Jadidlar va Behbudiy merosini o‘rganishdagi yangi yondashuvlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Konferensiyada O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor, siyosatshunos olim Sherzodxon Qudratxo‘ja ushbu tadbir Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 27 dekabrdagi “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilganini alohida ta’kidladi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori B.Hasanov, Behbudiyning nabirasi Sh.Behbudiy, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev va boshqalar Behbudiy merosining ahamiyati, uning xalq manfaatlari, millat kelajagini ko‘zlovchi hayoti, ma’rifatparvar g‘oyalari, hali ko‘plab tadqiqotlarni kutayotgan merosi haqida batafsil so‘zladi.

Bugungi kunda jadidlar, xususan,  Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti, uning merosini o‘rganish chuqur, puxta ilmiy asoslangan yondashuvni talab etayotgani alohida ta’kidlandi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy “Samarqand” gazetasi hamda “Oyina” jurnaliga asos solgani qayd etildi.

Konferensiyada “Padarkush” pesasidan sahna ko‘rinishi namoyish etildi.

Tadbirda bir guruh mas’ullarga tashkilotchilarning Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi ramzi tushirilgan statuetka va esdalik sovg‘alari topshirildi.

N.Usmonova,  

O‘zA