Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda

271

Qoraqalpog‘iston Respublikasida fuqarolarning muammolarini o‘rganish va yechimini topish bo‘yicha ishchi guruhi tashkil etildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan majlisda joylarda sayyor qabullarni tashkil etish orqali aholi muammolariga yechim topish, fuqarolar bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha va boshqa ob’ektlar holatini yaxshilash ishlarini samarali olib borish, “Obod xonadon – Obod ko‘cha – Obod mahalla” mezoni asosida mahallalarni obod qilish va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Majlis davomida mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

*** 

Nukus shahri “Nao‘qan bog‘” hamda “Telemarkaz” mahalla fuqarolar yig‘inlarini bog‘lab turadigan temir yo‘l ustidan o‘tuvchi yangi avtomobil o‘tkazgich ko‘prik foydalanishga topshirildi.

“Tashabbusli byudjet” loyihasi asosida qiymati 1 milliard 146 million so‘m bo‘lgan mazkur ko‘prik fuqarolarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Barcha xavfsizlik va sifat standartlariga to‘liq javob beradigan mazkur yo‘l o‘tkazgich orqali minglab haydovchilar va piyodalar o‘z manzillariga xavfsiz tez yetib borish imkoniga ega bo‘ladilar.

*** 

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti texnologik ta’lim kafedrasi o‘quv-ustaxonasiga o‘tgan yilda Islom taraqqiyot banki tomonidan 70 ming AQSH dollariga yaqin mablag‘ ajratilib, zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi.

Oshpazlik, temirga hamda yog‘ochga ishlov berish, tikuvchilik kabi xonalarda talabalar nafaqat o‘z nazariy bilimlarini mustahkamlamoqda, shu bilan birga, to‘garak ishlarida amaliy ko‘nikmalarini oshirib bormoqda. Hozirda o‘quv-ustaxonada robototexnika bo‘yicha maxsus xona tashkil etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri