Hozirga qadar JICA ko‘magida O‘zbekistonda 3,7 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilgan

188

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti doktor Akixiko Tanaka bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvda JICAning O‘zbekiston-Yaponiya strategik sherikligini jadal rivojlantirishga qo‘shayotgan munosib hissasi va Agentlikning O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirish borasida qilayotgan ishlari yuqori baholandi.

Qayd etilganidek, hozirga qadar JICA ko‘magida O‘zbekistonda energetika, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmaviy rivojlanish va sog‘liqni saqlash kabi muhim iqtisodiyot tarmoqlarida umumiy qiymati 3,7 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilgan.

Agentlikning O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli ish tajribasidan kelib chiqib, energetika, sog‘liqni saqlash, inson resurslarini rivojlantirish, mamlakat hududlarida yangi erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish yo‘nalishlaridagi loyihalarni moliyalashtirishning qo‘shimcha imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, 2022 yildan JICA O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini davlat kafolatisiz moliyalashtirishni nazarda tutuvchi xususiy sektor investitsiyalarini moliyalashtirish dasturini amalga oshirib kelmoqda. Mazkur dastur doirasida yangi istiqbolli loyihalar portfelini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Muloqot davomida o‘tgan yili imzolangan umumiy qiymati 2,4 milliard dollarlik 20 ta loyihadan iborat Dasturning amalga oshirish jarayoni alohida muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Yaponiya hukumati bilan “Ayirboshlash notalari”, Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini qurish va jihozlash loyihasi bo‘yicha 150 million dollarlik kredit shartnomasi, JICA va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida chorvachilik, energetika, ta’lim va boshqa sohalardagi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi hamkorlikmemorandumi imzolandi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA