“Al Arkan” O‘zbekistonda keng qamrovli dasturni amalga oshirishni rejalashtirmoqda

183

So‘ngi yillarda Saudiya Arabistoni bilan mamlakatimiz o‘rtasida  investitsiyaviy hamkorlik ko‘lami kengayib bormoqda. O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Saudiya Arabistonining “Al Arkan” kompaniyasi ijrochi direktori Muhammad al-Fassom bilan uchrashuvi ushbu hamkorlikning yana bir davomi, desak bo‘ladi.

Suhbat davomida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlari va xizmatlar ko‘rsatishda xavfsizlik va gigiyena bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan amaliy choralar muhokama qilindi.

Dastur oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilish milliy tizimini rivojlantirish, oziq-ovqat sanoati xodimlarini zamonaviy xavfsizlik standartlariga o‘rgatish, tibbiyot, turizm va transport xizmatlari darajasini yuksaltirish bo‘yicha o‘quv dasturlarini joriy qilish, infratuzilmani modernizatsiyalash, kasb-hunar ta’limi tizimini takomillashtirishni va boshqa bir qator yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Loyihani amalga oshirish mamlakatimizning yetakchi kompaniyalariga xizmat ko‘rsatish, yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish imkonini beradi.

Uchrashuv yakunida tomonlar birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirishga tayyorligini bildirib, loyihani amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha aniq choralarni belgilab oldilar.

G.Sattorova, O‘zA