Fransiyalik hamkorlar bilan Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi loyihasi muhokama qilindi

181

Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyini xalqaro standartlarga mos ravishda tashkil etish va uni tarixiy-ma’rifiy maskanga aylantirish yo‘lida muhim qadamlar qo‘yilmoqda.

Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov va Fransiyaning “Wilmotte&Associes” kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda kompaniyaning muzey arxitekturasi va interer yo‘nalishi direktori Emmanuel Brelot va markaz xodimlari ham ishtirok etdi.

“Wilmotte&Associes” tomonidan tayyorlanayotgan muzey ekspozitsiyalari bo‘yicha oxirgi yarim yil ichida amalga oshirilgan o‘zgarishlar muhokama qilindi. Uchrashuvda bo‘lajak majmuaning shakli, intereri va mazmuni haqidagi takliflar ko‘rib chiqilib, ekspozitsiyaga yangi segmentlarni qo‘shish ishlari davom etayotgani ta’kidlandi.

Firdavs Abduxoliqov muzeyni zamonaviy texnologiyalar bilan boyitish, tashrif buyuruvchilar uchun qulay sharoit yaratish hamda ekspozitsiyalarni yanada interaktiv va qiziqarli qilish yuzasidan qator takliflarni ilgari surdi, deyiladi Islom sivilizatsiyasi markazi ma’lumotida.

Ta’kidlash joizki, ushbu hamkorlik markaz muzeyini xalqaro standartlarga mos ravishda tashkil etish va uni tarixiy-ma’rifiy maskanga aylantirish yo‘lida xizmat qiladi.

A.RUSTAMOV, O‘zA