O‘zbek kitobxonlari uchun Sohibqiron hayotligida chog‘ida yozilgan yana bir kitob chop etildi

253

Sohibqiron Amir Temur dunyo tarixida nafaqat yetuk sarkarda, balki ma’rifat rahnamosi sifatida ham aks ettiriladi. Bu haqda bugunga qadar yozilgan badiiy va tarixiy asarlarda ko‘plab ma’lumotlar yoritilgan, lekin Sohibqironning hayotligida yozilgan kitoblar ko‘p emas. Tarixda ular ikkita hisoblanadi: birinchisi – G‘iyosiddin Ali Yazdiy qalamiga mansub “Hindiston yurishi kundaligi”, ikkinchisi – Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asari. Lekin birinchisiga qaraganda ikkinchisi o‘quvchiga avvalroq va kengroq ma’lum bo‘lgan.

G‘iyosiddin Ali Yazdiyning “Hindiston yurishi kundaligi” asarining asl matni 1915 yili Sankt-Peterburg shahrida L.Zimin tomonidan tayyorlangan va u akademik V.Bartold tahriri ostida chop qilingan.

1958 yili esa professor A. Semenovning ruscha tarjimasi Moskvada nashr etilgan. Endilikda o‘zbek kitobxonlari uchun ushbu kitob ona tilimizga tarjima qilindi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ma’lumotida.

G‘iyosiddin Ali Yazdiyning “Hindiston yurishi kundaligi” kitobi filologiya fanlari nomzodi R.Qobulova tomonidan forschadan o‘zbek tiliga o‘girilib, Xalqaro Amir Temur jamoat fondi tomonidan nashr etildi.

A.RUSTAMOV, O‘zA