“Tata Steel Chess-2025” turnirining shiddatli kurashlari hali oldinda

226

Niderlandiyada davom etayotgan “Tata Steel Chess-2025” turnirining 4-tur bahslari ortda qoldi.

“Masters“ guruhida g‘oliblikka da’vogarlik qilayotgan Nodirbek Abdusattorov ushbu turda yetakchilik poygasida hindistonlik Rameshbabu Praggnanandxaga yarim ochko hisobida imkoniyatni boy berib, o‘rinlarni almashib oldi. Ya’ni, hind shaxmatchisi 3,5 ochko bilan 1-o‘ringa ko‘tarilib olgan bo‘lsa, Nodirbek Abdusattorov 3 ochko holatida 2-o‘rinni band etib turibdi.

4-tur bahsida Nodirbek Abdusattorov oq donalarda harakatlanishiga qaramasdan xitoylik Vey I bilan 41-yurish holatida murosa yo‘lini tanladi. Rameshbabu Praggnanandxa Nodirbekdan farqli o‘laroq hamyurti Leon Lyuk Mendonkani 46-yurishda taslim etdi.

“Chellenjer“ guruhida ishtirok etayotgan hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboyev 3-turda bo‘lgani singari 4-turda ham omadsizlikka uchradi. 3-turda chexiyalik Nguyen Tay Day Vanga ochko ulashgan Yoqubboyev 4-turda oq donalarda hindistonlik Vaishali Rameshbabuga yutqazib qo‘ydi.

Ketma-ket omadsizlik Nodirbek Yoqubboyevni 1,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 14 nafar ishtirokchi orasida hozircha 9-o‘rin bilan kifoyalanishiga olib keldi.

Yoqubboyev guruhida 3 nafar shaxmatchi 3 ochko bilan yetakchilikni mustahkamlayotgan vaziyatda 2 nafari 2,5, 3 nafari 2, yana 3 nafari 1,5 ochkoga ega bo‘lib turibdi.

Bugun, 22 yanvar kuni o‘tkaziladigan 5-tur o‘yinlarida “Masterc” guruhida Nodirbek Abdusattorov qora donalarda Niderlandiya vakili Yorden van Forest qarshiligini yengishga harakat qiladi.

Nodirbek Yoqubboyev 5-turda qora donalarda ozarbayjonlik Aydin Suleymanli bilan kuch sinashadi.

Eslatib o‘tamiz, 13 ta turdan iborat “Tata Steel Chess-2025” turniri 2 fevralga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA