AQSH Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan chiqdi

Kuni kecha rasman prezidentlik faoliyatini qayta boshlagan Donald Tramp Amerika Qo‘shma Shtatlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti – JSST tarkibidan chiqishi to‘g‘risidagi farmonni ham imzoladi.
Davlat rahbari ushbu qaroriga sabab sifatida JSST COVID-19 pandemiyasi va boshqa xalqaro miqyosdagi tegishli inqirozlarga nisbatan noto‘g‘ri munosabatda bo‘lganini keltirgan.
– Donald Tramp JSST “Tashkilotga a’zo mamlakatlarning ortiqcha siyosiy ta’siridan mustaqil harakat qila olmagani va Qo‘shma Shtatlardan Xitoy kabi davlatlar taqdim etgan miqdorga nomutanosib, adolatsiz va og‘ir to‘lovlar talab qilgani”ni aytdi, deb yozdi “Reuters”.
– Dunyo salomatligi bizni aldadi, hamma AQSHni aldayapti, – deya qo‘shimcha qilgan Tramp. – Bu boshqa takrorlanmaydi.
Bu qadam AQSH 12 oy ichida BMT Sog‘liqni saqlash agentligi tarkibidan chiqishi va tuzilmaga qo‘shayotgan har qanday moliyaviy hissasini to‘xtatishini anglatadi.
JSST xarajatining taxminan 18 foizini qoplab kelgan AQSH hozirgacha tashkilotning eng yirik moliyalashtiruvchi hamkori edi. Jamoaning 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan so‘nggi ikki yillik byudjeti 6,8 milliard dollarga teng.
Bir necha ichki va tashqi ekspertlar fikriga ko‘ra, AQSHning tark etishi tashkilotdagi dasturlar, ayniqsa, sil, OIV/OITS kabi xastaliklar bilan bog‘liq turli favqulodda vaziyatlarni muvofiqlashtirishda xavf tug‘dirishi mumkin.
G.Sattorova,O‘zA