Mahsulot va xizmatlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimi takomillashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasida mahsulot va xizmatlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
O‘zbekiston Respublikasi hududida ISO 14024 xalqaro standartiga muvofiq butun hayotiy davr bo‘yicha (I tip) “Yashil belgi” mahsulot va xizmatlarni yagona ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimi;
mahsulot va xizmatlarning ekologik markirovkalash standartlariga muvofiqligini ekologik markirovkalash tizimida avtorizatsiyadan o‘tgan yuridik shaxslar tomonidan baholash tartibi joriy etiladi.
Ekologiya vazirligi ekologik markirovkalash tizimini tartibga solish sohasida vakolatli davlat organi etib belgilanadi hamda unga quyidagi vazifalar yuklanadi:
ekologik markirovkalash tizimini tartibga solish hujjatlarini, shu jumladan, ekologik markirovkalash tizimi qoidalari, ekologik markirovkalash organini avtorizatsiyadan o‘tkazish, xorijiy davlatlarning ekologik markirovka tizimlarini tan olish hamda ekologik markirovka belgisini qo‘llash tartiblarini tasdiqlash;
ekologik markirovkalash organlariga qo‘yiladigan talablarni tasdiqlash;
ekologik markirovkalash standartlariga muvofiq ekologik jihatdan afzal, shu jumladan, resurslarni tejovchi, kam chiqitli va chiqindisiz, atrof-muhitga salbiy ta’siri kamaytirilgan mahsulotlarni keng ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish va kiritish;
ekologik markirovkalash standartlarini ishlab chiqish;
ekologik markirovkalash sohasida faoliyat yurituvchi xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish.
Mazkur qarorga ko‘ra, ekologik markirovkalash tizimi:
ISO 14024 xalqaro standartiga muvofiq mahsulotning butun hayotiy davrini ko‘rib chiqishga asoslangan bo‘lishi;
ekologik jihatdan afzal mahsulotni, ya’ni ishlab chiqarish, foydalanish, iste’mol qilish, transportda tashish, saqlash va utilizatsiya qilishda bir turdagi mahsulot guruhi doirasida o‘xshashiga nisbatan atrof-muhitga ekologik markirovkalash standartlariga muvofiq kam ta’sir ko‘rsatuvchi mahsulotni ajratishi;
atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik normalariga rioya etiladigan mahsulotlarni ekologik markirovkalashni ko‘zda tutishi;
ekologik markirovka belgisini qo‘llash qoidalarini ko‘zda tutishi hamda mazkur qoidalar bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirishi;
barcha manfaatdor tomonlar uchun ekologik markirovkalash tizimining asosiy elementlari, shu jumladan, ekologik markirovkalash tizimida sertifikatlashtirish ishlari o‘tkaziladigan standartlar va sertifikatlashtirish jarayonlari, shuningdek, ekologik markirovka belgisini qo‘llash qoidalarining shaffofligi hamda tushunarliligini ta’minlashi kabi talablarga mos kelishi lozim.
O‘zA