Murojaatlar bee’tibor qolmayapti

AOKAda Madaniyat vazirligi va tizim tashkilotlarida aholining murojaatlari bilan ishlash masalalariga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Unda vazirlik axborot xizmati rahbari Sirojiddin O‘sarov mavzuga oid ma’lumotlar berdi.
Ta’kidlanganidek, 2024 yil davomida xalq bilan muloqotni yanada kengaytirish orqali aholi muammolarini aniqlash va hal etish tizimi natijadorligini oshirish, murojaatlarning kamida 80 foizi mahalliy darajada qanoatlantirilishini ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar olib borildi.
Xususan, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan vazirlikning markaziy apparatiga 980 ta, hududiy boshqarmalarga 906 ta va tizim tashkilotlariga 1 ming 370 ta, jami 3 ming 256 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 1 ming 562 tasi (48 foizi) yozma, 1 ming 116 tasi (34,2 foizi) elektron va 578 tasi (17,8 foizi) og‘zaki murojaatlar hisoblanadi.
Murojaatlarning 2 ming 989 tasi (91,8 foizi) jismoniy shaxslar va 267 tasi (8,2 foizi) yuridik shaxslar tomonidan kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 2 ming 630 tasi (80,8 foizi) qanoatlantirilgan, 541 tasiga (16,6 foizi) tushuntirish berilgan hamda 85 tasi (2,6 foizi) boshqa tashkilotga yo‘naltirilgan.
Eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahar Madaniyat boshqarmasiga, Farg‘ona viloyati Madaniyat boshqarmasiga, Toshkent viloyati Madaniyat boshqarmasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligiga va Surxondaryo viloyati Madaniyat boshqarmasiga kelib tushgan.
Prezident virtual qabulxonasi orqali vazirlik tizim tashkilotlari kesimida eng ko‘p murojaatlar Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasiga, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasiga, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga va O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga hamda mazkur yo‘nalishda eng kam murojaat O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasiga, “O‘zbeksirk” davlat muassasasiga va Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasiga bo‘lgan.
Kelgan murojaatlar yo‘nalishlar kesimida tahlil qilinganda, ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 30, teatr va sirk masalalari bo‘yicha 10,1, madaniyat muassasalari faoliyati bo‘yicha 9,2, mehnat munosabatlari bo‘yicha 6,7, moliya, buxgalteriya va audit masalalari bo‘yicha 6,6, xo‘jalik (uy-joy) masalalari bo‘yicha 6,5 va konsert-tomosha masalalari bo‘yicha 6,2 foizni tashkil etdi.
Ushbu raqamlardan ko‘rinib turibdiki, murojaatlar eng ko‘p kelib tushayotgan yo‘nalishlarda hali qilinadigan ishlar talaygina.
Shunga ko‘ra, aholining madaniyat va san’at sohasiga oid murojaatlarini vazirning o‘ziga yo‘llash mexanizmi ishlab chiqilib, ilk marotaba 2024 yilning 23 dekabr kuni @vazirqabuli_bot orqali yuborilgan murojaatlar vazir tomonidan onlayn qabul qilindi.
Vazirning onlayn qabuli doimiy ravishda tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bosqichma-bosqich amalga oshirib boriladi.
N.Usmonova, O‘zA