Monitoring davomida qurilish-montaj ishlarida qoidabuzarliklar aniqlangan (+video)

222

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasida 2024 yil yakuni hamda 2025 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan tadbir o‘tkazildi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi rahbari Sirojiddin Eshquvvatov sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, inspeksiya faoliyatida nazoratni kuchaytirish, sohada raqamlashtirishni joriy etish va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.

Hududiy inspeksiyalar tomonidan olib borilgan monitoringlar, aniqlangan kamchiliklar va ularga qarshi ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. 2024 yilda hududiy inspeksiyalar tomonidan qurilish ob’ektlarida 296 mingdan ortiq monitoringlar o‘tkazilgan.

Monitoringlar natijasida 138 mingdan ziyod majburiy yozma ko‘rsatmalar berilgan. O‘rganishlar davomida ko‘plab qurilish materiallarining sifatsizligi, loyihalashtirishdagi kamchiliklar va qurilish-montaj ishlari bilan bog‘liq xatolar aniqlangan.

Shuningdek, 9 mingdan ortiq holatda ma’muriy jarimalar qo‘llanilib, 1 ming 682 ta holatda sifatsiz materiallar ishlatilgani sababli tegishli choralar ko‘rilgan.

Tadbirda ko‘p kvartirali uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish sohasida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.

Jumladan, 2024 yilda 12 ming 218 ta ko‘p qavatli uyning texnik holati o‘rganildi va 4 ming 902 ta qonunbuzilish holatlari aniqlanib, tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu jarayonlarda 2 mingdan ortiq huquqbuzarlik bartaraf etilib, 1 ming 290 ta holat bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritildi.

Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimlaridagi muammolar ham alohida e’tiborga olindi. Xususan, oqova suvlarni chiqarib yuborish bo‘yicha 4 mingdan ortiq noqonuniy holatlar aniqlanib, bartaraf etish choralari ko‘rilgan.

Tadbir davomida 2025 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga e’tibor qaratildi. Inspeksiya rahbari hududiy nazorat tadbirlarini kuchaytirish, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilishda samaradorlikni oshirish va ishning shaffofligini ta’minlash zarurligini ta’kidladi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA