Imtiyozli tavsiyanoma uchun sinovlar boshlandi

225

Nukus garnizonida Mudofaa vazirligi bo‘linmalarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishga yordam beradigan harbiy qism qo‘mondonligining imtiyozli tavsiyanomalarini qo‘lga kiritish uchun test sinovlarini topshirishni boshladi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiyaning 2019 yil 30 dekabrdagi “Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qo‘shma qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha yuksak natijalarga erishgan, zaruriy bilim saviyasiga ega, namunali harbiy intizomini namoyon etgan eng munosib harbiy xizmatchilarga harbiy qism qo‘mondonligining imtiyozli tavsiyanomasi berilishi belgilangan.

Mazkur qo‘shma qarorga muvofiq, o‘z harbiy burchini vijdonan ado etgan va harbiy qism komandirining imtiyozli tavsiyanomasiga ega bo‘lgan yigitlar oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyoz, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari (oliy harbiy ta’lim muassasalari bundan mustasno) bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun oliy ta’lim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari ajratiladigan alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.

Okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan mazkur test sinovlarida adolat tamoyillariga asoslangan holda shaffoflikni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan auditoriyalarning barchasida kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, ular orqali real vaqt mezoni bo‘yicha ko‘rsatilayotgan videotasvirlarning barchasi tizimga yozib saqlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan olingan test sinovlari davomida qoida va qonun buzilish holatlari qayd etilmadi. Harbiy xizmatchilarning sonini inobatga olgan holda test sinovlari bir necha kun davomida olib boriladi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga harbiy qismlar qo‘mondonligi tomonidan oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun berilgan tavsiyanomalar, ular berilgan sanadan boshlab uch yil mobaynida amal qiladi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA