O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lib kiradi(mi?)
O‘zbekiston infratuzilma, energetika va sanoat sohalarini rivojlantirishda uzoq muddatli investitsiya manbalarini diversifikatsiya qilish, milliy iqtisodiyotimizni rivojlantirishning moliyalashtirish imkoniyatlarini yanada kengaytirishni maqsad qilgan.
Shu ma’noda davlatimiz rahbarining kuzatuvchi maqomida 2024 yil 26 dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishidagi ishtiroki davomida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muhim tashabbuslaridan biri aynan O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga 2025 yilda a’zo bo‘lib kirishi masalasida edi.
Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat — “O‘zbekiston Respublikasining Yevroosiyo taraqqiyot bankini ta’sis etish haqidagi bitimga qo‘shilishi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi mana shu muhim tashabbusning ijrosiga qaratilgan.
Mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasining muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir xalqaro moliya tashkilotiga a’zo bo‘lib kirishining, ushbu tuzilma imkoniyatlaridan milliy iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirish maqsadida foydalanishning huquqiy asosini yaratadi.
Xususan, 7 milliard dollar ustav kapitaliga ega Yevroosiyo taraqqiyot bankining asosiy maqsadi a’zo davlatlarda investitsion loyihalarni moliyalashtirish bo‘lib, bu yo‘nalishda bank “yashil” iqtisodiyot, transport-logistika, muqobil enegretika, raqamli transformatsiya, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha investitsion faoliyatni olib borishga qaratilgan.
Bu yo‘nalishda 2016 yildan to shu kunga qadar bank 15 milliard dollarlik moliyalashtirishni amalga oshirgan. Ahamiyatli tomoni, bank a’zo davlatlar milliy valyutasida hisob-kitoblarni amalga oshirish tizimini ham yo‘lga qo‘ygan.
Muhokamalarda ayrim savollar ko‘tarildi va mas’ullar tomonidan javob qaytarildi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA