IOS tizimi foydalanuvchilari ham MIB.UZ mobil ilovasidan foydalanishlari mumkin

470

Bu ilova avval faqat Android tizimida mavjud edi.

Majburiy ijro byurosi faoliyatini raqamlashtirish va ijro ishlari bo‘yicha aholiga qulaylik yaratish uchun masofaviy elektron tizimlarni joriy etib bormoqda.

Fuqarolarimiz yuzaga kelayotgan qarzdorliklar haqida ma’lumotlarni va xorijga chiqish oldidan taqiq bor yoki yo‘qligini endi mobil telefon orqali ham bilib boradi.

Mobil aloqa vositalaridan foydalanuvchilar Google tizimi orqali Play Market, shuningdek, IOS (Iphone) tizimi foydalanuvchilari App Store orqali MIB.UZ mobil ilovasidan foydalanishlari mumkin.

Mobil ilovaga ulanish uchun mobil aloqa raqami kiritilib, so‘ngra SMS xabarnomadagi himoya kodi tasdiqlanadi. Fuqarolik pasporti seriyasi va raqamlari kiritiladi.

Ushbu mobil ilova dasturining “Qarzdorlikni tekshirish” bo‘limida sud va boshqa qarorlar orqali kelib chiqqan qarzdorliklar haqidagi ma’lumotlarni olish mumkin.

“Respublikadan chiqishga cheklov” bo‘limi esa xorijga chiqish oldidan qarzdorliklar uchun qo‘yilgan taqiqlar haqida xabardor qiladi.

Bundan tashqari, ilova orqali avtotransport vositasi yoki ko‘chmas mulklarga oid qidiruv yoki taqiqqa oid ma’lumotlarni “Avtotransportni tekshirish” hamda “Ko‘chmas mulkni tekshirish” bo‘limlari orqali bilish mumkin.

Bu jarayon, o‘z vaqtida taqiqlarni bilish va uni bartaraf etish hamda ortiqcha noqulayliklardan xalos etib boradi.

Shuningdek, dastur ishonchli, qulay va shaffof ravishda boshqa imkoniyatlarni ham taqdim etadi.

O‘zA